Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Uloch MFY Qani qishlog‘ida joylashgan “Gulnora” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bir necha yillardan buyon faoliyat ko‘rsatmay kelayotgandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan 2022 yildan boshlab oromgohni qayta ta’mirlashga kirishildi. Uch yil davomida qariyb 4 gektarga yaqin maydonni egallagan oromgoh hududida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Nihoyat joriy yilning birinchi mavsumi oldidan oromgoh yana bolajonlarni o‘z bag‘riga chorlay boshladi.
Ob’ektning tantanali ochilishida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari, tuman hokimligi va boshqalar ishtirok etib, u yerda yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-23826]
Xususan, bir navbatda 200 nafar bola qabul qilish quvvatiga ega oromgohda ayni paytda 160 nafarga yaqin bolajon maza qilib madaniy hordiq chiqarmoqda. Shinam yotoqxonalar, barcha sharoitlarga ega keng oshxona, soya salqin joyda tashkil qilingan, attraksionlarga boy o‘yingohlar ular ixtiyorida.
Dam oluvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli xil to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tashkil etilayotgan tanlovlar, intellektual o‘yinlar bolalarning ma’naviy salohiyatini oshishiga xizmat qilmoqda.
Aytgancha, oromgohning foydalanishga topshirilishi natijasida 8 ta yangi ish o‘rni ham yaratildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari