Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gullola Nodirxonova: “Global to‘qimachilik haftaligi “dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlari ijrosi bilan bog‘liq"
18:08 / 2025-09-04

Yurtimiz to‘qimachilik sanoati iqtisodiyotimizning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.  Shu sababli, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro bozorlarda nufuzini oshirish borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 9-11 sentyabr kunlari poytaxtimizda tashkil etiladigan “Global Textile Days” – global to‘qimachilik haftaligi ham bu jarayonda amaliy ahamiyatga ega. Bu tadbir mamlakatning kuzgi 30-ko‘rgazma mavsumini ochib, to‘qimachilik, tikish va trikotaj sohasidagi eng so‘nggi texnologiyalar va ishlanmalarni namoyish etadi hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini taqdim qiladi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasining CAITME ko‘rgazmasi loyiha direktori Gullola Nodirxonova mazkur nufuzli tadbir ahamiyati, tashkil etish jarayonlari va ishtirokchilar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi: 

– Bugun kompaniyamizda tashkil etilgan matbuot anjumanida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan mazkur ko‘rgazmalar haqida batafsil ma’lumot berdik. Negaki, bu mahalliy tadbirkorlarimiz faoliyati va ularning yuqori natijalarga erishishi uchun katta imkoniyat ekanini jamoatchilikka yetkazish maqsad qilindi. 

[gallery-25168]

Hamkasblarim aytganidek, Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkaziladigan “Global Textile Days” uchta muhim voqeadan iborat: bu – “CAITME 2025”, “TextileExpo Uzbekistan 2025” va biznes dasturidir.  Qo‘shma ekspozitsiyada 22 ta mamlakatdan 250 dan ortiq kompaniya va brendlar qatnashadi.

Yaqinda Prezidentimiz boshchiligida to‘qimachilik sohasidagi muammolar va ularni hal qilish yo‘llariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi. Hozir to‘qimachilik industriyasi qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan tizimni qo‘llab-quvvatlash uchun “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlari e’lon qilindi. 

Bizning tadbirlarimiz ham ana shu topshiriqlarga muvofiq o‘tkazilmoqda. Bu orqali biz mahalliy to‘qimachilik-tikish-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlaganmiz. Qanday yo‘llar bilan? Yangi texnologiyalar, yangi yechimlar va imkoniyatlar izlab topish, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarining xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish orqalidir. 

CAITME ko‘rgazmasi milliy loyiha hisoblanadi. Ushbu mavzuda Markaziy Osiyoda yagona ko‘rgazma va Yevroosiyo qit’asida ikkinchi yirik tadbirdir. Unga Markaziy Osiyo va qo‘shni mamlakatlardan sanoat mutaxassislari tashrif buyuradi. An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondan tekstil assotsiatsiyalari, shuningdek, Rossiyadan ko‘plab mutaxassislar tashrif buyurib, muzokaralar olib borish, yangiliklar va to‘qimachilik mashinasozligidagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. 

Ko‘rgazma 2004 yildan beri o‘tkazilib, xalqaro sohaviy tadbirlar orasida munosib o‘rin egallab ulgurdi. Bu yil ham ko‘rgazma Yevropa va Osiyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan so‘nggi ishlanmalar, yutuqlar va ilg‘or yechimlar bilan tanishish imkonini taqdim etadi. Ko‘rgazmaning bosh homiysi Turkiya mashina va texnologiya eksportyorlari assotsiatsiyasi – Turkish Machinery brendi hisoblanadi. U dunyo bo‘ylab yirik to‘qimachilik mashinasozligi ko‘rgazmalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. 

Turkiya to‘qimachilik sanoatining dunyo va mahalliy bozordagi muhim rolini hisobga olganda, ushbu hamkor ishtirok etishi juda ahamiyatli. Bundan tashqari, Turkiyadan 40 dan ortiq ishtirokchi kompaniya qatnashadi. Shuningdek,  Xitoydan 57 ta, Hindistondan 20 ta Italiyadan 14 ta va Germaniyadan 10 ta kompaniya soni jihatidan yetakchilik qiladi. Ko‘plab yangi debyut kompaniyalar ham ishtirok etmoqda. Ular ichida texnologik kompaniyalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, avtomatlashtirish va ERP-tizimlar taklif etuvchi korxonalar bor. Joriy ko‘rgazmaning 82 foiz ishtirokchisi xorijiy kompaniyalardir. 

Hozirgi tendensiyalar shundan dalolat beradiki, global kompaniyalar barqaror va raqobatbardosh bo‘lish uchun bizneslarini yangicha talablarga moslashtirishga majbur. Bu energiya resurslari qimmatlashishi, ish haqi o‘sishi, ekologiya va mahsulotning barqarorligiga oid talablarni qamrab oladi. 

Shundan kelib chiqib, ko‘rgazmada energiya ta’minoti bo‘yicha ham ko‘plab yechimlar, avtomatlashtirish va raqamlashtirish, ERP tizimlari, ishchi kuchini tejaydigan texnologiyalar ham namoyish etiladi. 

Xulosa qilib aytish mumkinki, “Global Textile Days” haftaligi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish uchun muhim platforma hisoblanadi. Bu tadbir nafaqat sohani rivojlantirishga, balki Prezidentimiz topshiriqlari va “Dolzarb 100 kunlik” chora-tadbirlari ijrosida muhim qadamdir.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva  yozib oldi.