Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gullar festivali sayyohlar nigohida
09:38 / 2024-05-31

Shu kunlarda Namangan dunyo ahlining e’tiborida. Muazzam va navqiron go‘shaning kasbi, yoshi, mavqeidan qat’iy nazar, jamiki insonlari ulug‘ maqsad yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib, 63 yildan buyon amalga oshirib kelayotgan ezgu an’analari ana shunday maqtovga loyiq.

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hamda “Afsonalar vodiysi” parki har kuni nafaqat hamyurtlarimiz, olis o‘lkalardan tashrif buyurayotgan go‘zallik shaydolari, ezgulik oshnolari bilan gavjum. Viloyat turizm boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 63-xalqaro gullar festivalining dastlabki o‘n kunligida 3 million 794 ming 870 nafardan ziyod yurtdoshimiz, 57 davlatdan 148 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar festival mehmoni bo‘lishdi. Turistlar turfa gullardan iborat hayratbaxsh manzaralar, sayru sayohatlari maroqli o‘tishi uchun tashkil etilgan jahon andozalardagi xizmatlardan bahramand.

– Namangan viloyatida 1961 yildan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinadigan gullar bayramiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda xalqaro festival maqomi berildi, – deydi Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev. – Natijada yildan-yilga festivalning nufuzi va shukuhi ortib bormoqda. Birgina misol, 2018 yilda festival davomiyligi uch kun bo‘lib, unga 2500 nafar xorijiy turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 30 kun davomida o‘tkazilgan hamda unda dunyoning 52 mamlakatidan 154 mingdan ziyod xalqaro hamda mamlakatimizdan 4 million 200 mingdan ortiq mahalliy sayyoh kelgan.

E’tiborlisi, gullar bayramiga qo‘shni Respublikalar hududlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlarining tashrifi festival nufuzini oshirmoqda. Festivalning ochilishi va ilk kunlaridagi tadbirlarda Qatar davlatining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim, Quvayt davlatining respublikamizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Al-Jiran, Chexiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Lyubomir Frebort, Koreya Respublikasining Buyeo shahri hokimi Park Jung Hyun, Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Bolgariya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi vaqtinchalik rahbari Stoyana Rusinova singari martabali mehmonlarning ishtirok etganligini qayd etish joiz.

– Namangan men uchun Toshkentdan keyingi qadrdon shahar hisoblanadi. Gullar bayramiga uchinchi bor kelishim, festival yildan yilga takomillashib borayotganiga guvoh bo‘ldim, – deydi Hindiston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi ikkinchi kotibi, La’l Bahodir Shastri nomidagi hind madaniyati markazi direktori Mister Sitesh Kumar. – Ayniqsa, biz hindlarga Hindiston madaniyatini targ‘ib etuvchi maxsus gullar ko‘rgazmasi, yoga raqslari namoyishi va fotogalereya iliq tassurot qoldirdi. Bularni ko‘rish asnosida O‘zbekiston – Hindiston munosabatlari do‘stlik, ishonchli hamkorlik, ming yillik tarixiy-madaniy, ma’naviy rishtalarga tayanganiga ishonch hosil qilasan kishi. Festivalni Hindistonda ham keng targ‘ibot qilmoqdamiz.

– Namanganda o‘tayotgan go‘zallik bayrami bizni lol etdi. Gullar shahridagi to‘quvchilik fabrikasida ish boshlaganman, – deydi Pokiston Islom Respublikasidan kelgan Amir Ramzan Chodri. – Bu yurt odamlarining mehmondo‘stligi va ochiqko‘ngilligi ko‘plab chet ellik tadbirkorlarning shu zaminda ish boshlashiga turtki bermoqda. Gullar festivali asrlar davomida davom etishiga shubha yo‘q.

An’anaviy xalqaro gullar festivaliga xorijiy va mahalliy turistlarning qiziqishi ortib borayotganligini inobatga olib, joriy yilda festivalning muddati 40 kun davom etishi belgilandi. Hozirgi kunda tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlar hamda viloyat markazi hududlari bo‘ylab 45 million tup gul ko‘chati zamonaviy landshaft dizayni asosida ekildi. Taqqoslash uchun, ushbu raqam 2018 yilda 4,5 million tup, 2023 yilda 35 million tupni tashkil qilgan.

Festivalning rang-barangligini ta’minlash maqsadida “Ipak yo‘lida turizm tarmoqlarini rivojlantirish” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, hududlarning madaniyat kunlari, “Boborahim Mashrab – Namangan faxri”, O‘zbekiston simfonik orkestri va O‘zbekiston davlat drama teatrining gastrol dasturlari yuqori saviyada qizg‘in ruhda o‘tgan bo‘lsa, yaqin kunlarda “Kamoliddin Rahimov izdoshlari” respublika tanlovi, qo‘l jangi sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqa, “IT biznes forumi”, Besh muhim tashabbus tadbirlari ham 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlarni o‘ziga rom etishi, shubhasiz.  

Gullar bayrami o‘tkazilishi Namangan viloyatining iqtisodiyoti rivojiga, aholining real daromadlari oshishiga va odamlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shimcha 45 ta mahalla gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16,1 ming xonadon qamrab olindi hamda 20,8 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4683 dona issiqxona tashkil etilib, 90 million dona gul ko‘chati yetishtirildi.

Qolaversa, xalqaro gullar festivali nufuzini oshirish va keng miqyosda targ‘ib qilish maqsadida markaziy va viloyat televideniyelari hamda yurtimizning barcha shaharlarida o‘rnatilgan “LED” ekranlarida maxsus videoroliklar namoyish etilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinmoqda. Bundan tashqari, 250 tadan ortiq xorijiy jurnal va saytlarda maqolalar yoritilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri