Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gullar festivali doirasida xalqaro ta’lim forumi o‘tkazildi
11:25 / 2022-05-24

Namanganda bo‘lib o‘tayotgan 61-Xalqaro gullar festivali doirasida xalqaro ta’lim forumi o‘tkazildi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan o‘tkazilgan chet tillarini o‘qitishda til va tarjimaning roli mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanda jahonning o‘ndan ortiq mamlakatlaridan tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

– Oliy ta’lim muassasasining ilmiy salohiyati, milliy ta’lim reytingida munosib o‘rin egallashida xorijiy tillarni o‘qitish borasida yo‘lga qo‘yilgan tajribalar muhim, – deydi NamMTI chet tillar kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Dildora Hoshimova. – Ayniqsa, bu borada dunyoning ko‘pgina rivojlangan davlatlaridagi nufuzli universitetlar va institutlari bilan hamkorlik aloqalarimiz yaxshi samara bermoqda. Bu tarjima jarayonlarini tashkil etish, adabiyotshunoslik masalalari, til o‘qitishning yangi innovatsion uslublarini hal qilish, gid xizmatlari borasida so‘z yuritildi. Mazkur sohada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, shu bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun ilmiy asoslarni yaratish, maxsus qo‘llanmalar nashr etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham bo‘lib, nafosat va go‘zallikdan bahramand bo‘ldi.

– Gullar bayrami yarim asrdan ortiq davr mobaynida o‘z an’anaviyligini yo‘qotmasdan kelayotir, – deydi Qozog‘iston Respublikasining Olma ota shahridagi Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Islam Jemeney. – Bu bayram insonlarni go‘zallikka oshufta etish, atrof-muhitni sevishga, ekologiyani asrab-avaylashga chorlashi bilan ahamiyatli, deb o‘ylayman.

– Hindistondan O‘zbekiston zaminiga xalqaro ta’lim forumi va gullar festivaliga kelganimizdan xursandmiz, – deydi Haryana ta’lim departamenti treneri Monoj Kumar Lakra. – Millionlab turfa gullar jozibasi bizni o‘ziga rom etdi. Hindistonda ham har yili yanvar-fevral oylarida gul festivali o‘tkaziladi. Unda minglab atirgullar namoyish qilinadi. Namangandagi festival shukuhi e’tiborimni tortdi.

– 80 yoshimdagi bu sayohatim hayotimdagi eng go‘zal hodisalardan biri bo‘ldi, – deydi AQSHning Texas shtatidan kelgan tilshunos-olim Jenni Hanter. –Sharros yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramasdan biz juda chiroyli manzaralarni ko‘rdik, dilkash insonlar bilan muloqotda bo‘ldik.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA