Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulkaram eksporti yo‘lga qo‘yildi
14:22 / 2026-01-29

Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligida eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va mahalliy aholining daromadini oshirishga qaratilgan loyihalar mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va jamiyat farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega.

Ana shunday tashabbuslardan biri Sayxunobod tumanida faoliyat yuritayotgan “FS Logistic” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Korxona Yevropa bozoriga gulkaram yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Litva bilan tuzilgan shartnoma asosida dastlabki mahsulot sifatida 60 tonna gulkaram har kilogrammi 1 yevro narxda eksport qilindi.

Eng asosiysi, “FS Logistic” korxonasida gulkaram zamonaviy issiqxona texnologiyalari asosida yetishtirilmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali sug‘orish va turli mineral moddalar bilan oziqlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mahsulot sifatini xalqaro standartlarga mos va tashqi bozor talablariga javob berar darajada ta’minlaydi.

Mahsulotning yana bir afzalligi — uning eksportbopligi. Yevropa davlatlarida bu sabzavotga talab yil davomida barqaror va yuqori bo‘lib, narxi ham qoniqarli darajada.

Aholi uchun eng muhim yangilik shuki, issiqxonada hosil yig‘im-terimi, mahsulotni saralash va qadoqlash ishlariga 60 nafarga yaqin mahalliy aholi jalb etilgan. Bu nafaqat mehnatga layoqatlilar uchun doimiy va mavsumiy daromad manbai yaratish, balki mahalliy iqtisodiy faollikni ham oshirishda muhim omil hisoblanadi.

Loyiha ATB “Turonbank”ning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, 8 gektar yer maydonidagi zamonaviy issiqxona xo‘jaligiga jami 4 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilgan. Shuningdek, energiya tejovchi texnologiyalar va samarali sug‘orish usullari joriy etilgani mahsulot hosildorligini oshirish bilan birga atrof-muhitga ta’sirini ham kamaytirmoqda.

– Bizning maqsadimiz nafaqat tashqi bozorga chiqish hajmlarini ko‘paytirish, balki mahalliy aholi uchun barqaror daromad manbai yaratish, – deydi korxona rahbari Jahongir Mamatqulov. – Eng asosiysi, issiqxonada doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari tashkil etildi. Bu esa qishloq aholisining turmush darajasini ko‘tarish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, “FS Logistic” MCHJ ishlab chiqarishni boshlashdan oldin ichki va tashqi bozor kon’yunkturasini tahlil qilgan va eksportbop mahsulot turini aniqlab olgan. Bu o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat yaratish va aholi daromadini oshirish strategiyasi bilan hamohangdir.

Bunday loyihalar nafaqat Sirdaryo viloyatining tashqi savdo salohiyatini oshirish, balki mahalliy aholi uchun barqaror ish o‘rinlari, daromad va ijtimoiy imkoniyatlar yaratishda ham muhim rol o‘ynaydi. Asosiysi, eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hududning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri