Guliston shahrida xotin-qizlarning tadbirkorligini rivojlantirish, fermer va tadbirkor ayollar safini yanada kengaytirish va ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish maqsadida «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Guliston shahri oila va xotin-qizlar bo‘limi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Guliston shahri kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda ishtirokchilarining innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishdagi faolligi, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratgani, eksportbop yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarayotgani kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Hakamlar hay’ati 10 ga yaqin tadbirkor va hunarmand xotin-qizning shu davrga qadar erishgan yutuqlari, imkoniyatlari va kelgusi rejalari bilan yaqindan tanishib, zargarlik va tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan Dilshoda Jo‘rayevani birinchi o‘ringa munosib deb topishgan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa ayollar libosini tikish bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkor Muniraxon Ko‘chimova, uchinchi o‘ringa tadbirkor Dilfuza Mirzabekovalar sazovor bo‘ldi.


G‘oliblar «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana oltita nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘lgan tadbirkor ayollarga tashkilotchilarning qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri