Navro‘z ayyomi kunlarida Guliston shahrining xiyobon va maydonlarini chamanzorga aylantirish niyatida yurgan shahar ko‘kalamzorlashtirish idorasi ishchi-hizmatchilari O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab turfa gullar ekib yurishganiga guvoh bo‘lgandim.
Ko‘p o‘tmay, ayni bayram kunlari anvoyi chechaklar orasidagi o‘zgacha yashnab turgan lolalarga ko‘zim tushib, kayfiyatim ko‘tarildi. Gulchilar bilan suhbatlashsam, ular “Hali bu boshlanishi, endi bundan buyog‘iga shaharliklar lola sayliga deb, uzoq tog‘larga borib yurishmaydi, shahrimizning barcha mavzelari, ko‘cha va maydonlarida lolazorlar barpo etiladi” deyishdi.

Guliston shahrining Yuksalish mahallasidagi Abdumo‘min Pardayev xonadoniga yo‘lingiz tushsa, hovliga kirishingiz bilan alvon, pushti, oq, sariq, qizil rangdagi lolalardan ko‘zingiz yashnab ketadi. Xonadon sohibi, mehnat faxriysi Abdumo‘min aka juda xafsalali inson. Asli kasbi quruvchi-muhandis bo‘lsa-da, bog‘-rog‘, gulzor yaratishni yaxshi ko‘radi. Bog‘idagi turli mevali daraxtlar har yili mo‘l hosil beradi. Abdumo‘min akaning qirmizi olmalarini, bol singari mazali shaftolilaridan qishloqdoshlar ko‘p marotaba bahramand bo‘lgan.

Bundan bir necha yil avval xonadon sohibi katta hovlining gir atrofiga erinmay lola ko‘chatlari o‘tqazdi. Har yili ko‘klamda lolalar chunonam gullaydiki, hovliga kirgan odamning havasi keladi. Oila bekasi Karomat opa esa, lolalarning yonida nabiralari bilan suratlarga tushib, zavqlanadi. Onaxon lolalarning yonginasidagi so‘rida choyxo‘rlik qilish, gurunglashishning gashti o‘zgacha ekanligini aytdi. Karomat aya: “Lola teramiz, deb tog‘-toshlarga borib yurmanglar, kelinglar hovlimizga, lola sayli qilamiz” deb qo‘ni-qo‘shnilarni chorlaydi.


Mana, bu yil ham ushbu fayzli hovlida turfa rangli lolalar qiyg‘os ochildi. Xonadon sohibasi har kuni tongni lolazorda qarshilaydi, ulardan bahra olib, har birini nabiralari kabi suyib, erkalaydi. Nabiralarini ham yoniga chorlab, gullar, lolalar haqida ertaklar, rivoyatlar, she’rlar aytadi. Agarda sizning ham shu tomonga yo‘lingiz tushsa, albatta, xonadonga tortinmay kiring, lolalar va uy egalari sizni ochiq chehra bilan qarshi oladi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri