Sirdaryoda xalqaro miqyosdagi muhim tadbir — “Sirdaryoda biznes qiling” forumi doirasida Guliston shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida “Qovun sayli” va “Etno-folklor” festivali o‘tkazildi.
Qovun saylida viloyatimizning mirishkor bobodehqonlari tomonidan mehr bilan parvarishlanib yetishtirilgan “Ko‘kcha”, “Amiri”, “Obi Novvot”, “Bo‘rikalla”, “Kampirchopon”, “Oq o‘rug‘”, “Bo‘rikalla”, “Shakarpalak”, “Ko‘k kallapo‘sh”, “Dahbedi”, “Sherozi”, “Toshloqi”, “Gulobi”, “Barginay” “Gurvak” kabi 25 ga yaqin xushxo‘r navlar taqdim etildi.
– Sirdaryoning agroturizm salohiyatini, polizchilik tajribasini keng targ‘ib etish maqsadida Guliston shahrida tashkil etilgan “Qovun sayli”da yetakchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi klasterlari, boshqa korxona va tashkilotlarga ajratilgan pavilonlarda viloyatda yetishtirilayotgan 20 dan ortiq qovun navlarining ko‘rgazma savdosi tashkil etildi, – deydi Sirdaryo viloyat hokimi o‘rinbosari Shohruh Isoqulov. – “Etno-folklor” festivali doirasida esa konsert dasturlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, amaliy san’at ko‘rgazmalari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy liboslar ko‘rgazmalari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, badiiy va folklor jamoalarning jonli ijroda chiqishlari tashkil etildi.
Mustaqillikning 34 yilligi oldidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” ezgu g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan mazkur festival chin ma’noda katta bayramga aylandi.
Viloyatning turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan ushbu festivalda o‘tgan yili 200 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlar ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi tadbirlarda 300 mingdan ziyod mehmonlar qatnashishi kutilmoqda. Ular asosan forum doirasida viloyatga tashrif buyurgan Rossiya, Xitoy, Vengriya, Qozog‘iston kabi 20 dan ortiq davlatlarning rasmiy delegatsiyalari a’zolari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmon doira vakillaridir.
Bu yilgi “Qovun sayli” da qatnashgan har bir tuman uchun alohida maydon tayyorlanib, o‘sha hudud folklor-etnografik ansambllari diltortar kuy-qo‘shiqlari va konsert dasturlari bilan sayil ishtirokchilari ko‘nglini xushladi.
Festivalda yoshlar yetishtirgan mahsulotlarga ham keng o‘rin berildi. Ular taqdim etgan poliz va sabzavot mahsulotlari ko‘zni quvontiradi.
– Joriy yilda Prezidentimizning 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha 484 nafar yoshga 251 gektar yer maydoni ajratilgandi, – deydi Mirzaobod tumani hokimining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev. – Ularning yerga yondashuvi ham boshqacha bo‘ldi. Yoshlar “Nima bo‘lar ekan?” deb emas, “Qanday qilib sifatli mahsulot yetishtirib, daromad olish mumkin?” degan savol bilan ishga kirishdi. Shu maqsadda qovunning “Oq urug‘”, “Obi novvot”, “Chillaki”, “Bosvoldi”, “Ko‘kcha”, “Amiri” kabi bozorbop navlari, shuningdek, sholining “Alanga”, “Lazer”, “Avangard” navlarini ekishdi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi. Qovundan mo‘l hosil olishdi. Bu esa nafaqat narx-navoni arzonlashishiga, balki qovun mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish va tuman eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Poliz mahsulotlarini yetishtirishda nafaqat Mirzaobod, balki Oqoltin, Sardoba, Xovos tumanlarida ham katta tajriba maktabi yaratildi. Bu qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va zamonaviy bilimlar bilan ta’minlashning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Oqoltinlik Kamoliddin Xonto‘rayev bu yil 50 sotix yerda qovunning “Obi novvot” navidan mo‘l hosil oldi. Uning daromadi ham shunga yarasha bo‘ldi. Bugunga qadar ushbu yer maydonidan 50–60 million so‘m daromad olgan bo‘lsa, mavsum oxirigacha bu ko‘rsatkich 100 million so‘mga yetishi kutilmoqda.
– Tumanimizning Yangi hayot mahallasida 152 gektar yer maydoni 352 nafar yoshlarga 30–50 sotixdan taqsimlandi. Moliyaviy imkoniyati cheklangan yoshlarga tijorat banklari orqali imtiyozli kredit ajratildi. U yerlarda yoshlarimiz qovunning eksportbop navlari, shuningdek, bozorda talab yuqori bo‘lgan kartoshka, piyoz va boshqa turdagi ekinlarni ekishdi, – deydi "Yangihayot" mahalla fuqarolar yig‘ini hokimi yordamchisi Yorbek Mavlonov. – Ularga nafaqat yer berildi, balki mahalliy mutaxassislar va agronomlar biriktirilib, yerni tayyorlash, agrotexnik chora-tadbirlarni amalga oshirish, ulgurji xaridorlarni topish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada yoshlarimiz kutilganidan ham yaxshi natijalarga erishdi.
– “Qovun sayli” festivaliga fermerlarimizning peshona teri bilan yetishtirilgan qovun navlaridan 11, tarvuz va oshqovoq navlaridan esa 4 tadan olib keldik, – deydi Sirdaryo tumani hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zubayda Ahmedova. – Bu poliz mahsulotlarini tatib ko‘rgan har bir kishi ularning asalligi va shirinligiga tan berishi shubhasiz.
[gallery-25089]
– Gulistonda, Alisher Navoiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tkazilayotgan qovun saylini aylanar ekansan, bunga yana bir bor ishonch hosil qilasan, – deydi Jizzaxlik mehmon Murod Bekmurodov. – Bir-biridan nomi va ko‘rinishi bilan ajralib turuvchi qovunlardan biri asal ta’mini, yana biri novvot ta’mini beradi. Hidini aytmaysizmi, dimog‘ni qitiqlaydi. Shuningdek, shifobaxshligi bor. Ularning mag‘zida inson salomatligi uchun foydali vitaminlar juda ko‘p. Xalq tabobatida ulardan kamqonlik, yurak-qon tomir, jigar va buyrak kasalliklarida, podagra va revmatizmni davolashda ham foydalaniladi.
– Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida turaman, – deydi Mo‘min O‘marqulov. – Har yili Gulistonda o‘tkaziladigan “Qovun sayli”ni intizorlik bilan kutaman. Sababi bor. Chunki xushxo‘r va mazali qovunlarni yaxshi ko‘raman. Bu yilgi sayil o‘tgan yilgisidan tubdan farq qildi. Chunki namoyish etilgan va bozor narxidan ancha arzon sotilgan qovun navlari soni ancha ko‘p bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri