Yaqinda Misrning qadimiy Qohira shahrida para-pauerlifting bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli musobaqada Guliston tumanining “Yulduz” mahallasida istiqomat qiluvchi Ziyoda Boqijonova 50 kilogramm vazn toifasida ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi va o‘z vazni toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Ziyodaning g‘alabasi tufayli O‘zbekiston bayrog‘i Qohira osmonida baland ko‘tarildi. Bu faxrli daqiqa nafaqat sportchi uchun, balki uning ustozlari, ota-onasi va butun Sirdaryo sporti jamoasi uchun ham ulkan shodlik bo‘ldi.
Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev yosh chempionning xonadoniga tashrif buyurib, Ziyoda Boqijonova va uning oilasini jahon miqyosidagi bu yutuq bilan samimiy tabrikladi. Hokim sportchiga tuman hokimligi nomidan esdalik sovg‘alarini topshirdi va kelgusida ham yuqori natijalarni qayd etishi uchun unga omad tiladi.
– Ziyoda kabi irodali, mehnatsevar yoshlarimiz Vatanimiz sharafini jahon maydonlarida munosib himoya qilayotgani — Sirdaryo sporti rivojining yaqqol ifodasidir, – dedi Olimjon Jo‘rayev.
Oltin medal sohibasi Ziyoda Boqijonova o‘zining sabr-toqati, intizomi va g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bilan tengdoshlariga haqiqiy namuna bo‘lib kelmoqda. Uning bu yutug‘i esa nafaqat Guliston tumani, balki butun Sirdaryo viloyati yoshlari uchun faxr va ilhom manbaiga aylandi.
Hozirda Ziyoda navbatdagi xalqaro musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Eng muhimi — unda raralimpiadada g‘alaba qozonib, O‘zbekiston bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishdek ulug‘ maqsad bor.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri