Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida 2005–2007-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida belbog‘li kurash bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Dunyoning barcha qit’alaridan 25 ta davlat vakillari ishtirok etgan ushbu nufuzli xalqaro musobaqada eng kuchli sportchilar o‘zaro kuch sinashdilar.
Mazkur chempionatda Guliston davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar va jismoniy madaniyat fakultetining 26–25 guruh talabasi, 2005 yilda tug‘ilgan Baxtiyor Sanginov belbog‘li kurash bo‘yicha 100+ kg vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qildi.
Ushbu muvaffaqiyat sportchining yillar davomidagi tinimsiz mehnati, murabbiylarining sabr-toqati va izchil tayyorgarligi, shuningdek, ota-onasining doimiy qo‘llab-quvvatlashi samarasidir.

Chempionning otasi — O‘ktamjon Sanginov o‘g‘lining yutug‘i haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Baxtiyor bolaligidan sportga mehr qo‘yib, har bir mashg‘ulotga katta mas’uliyat bilan yondashib keladi. Uning bugungi g‘alabasi osonlik bilan qo‘lga kiritilgan yutuq emas. Bu — mehnat, sabr va ishonch samarasi. O‘g‘limning Vatanimiz bayrog‘ini xalqaro maydonda baland ko‘targani biz uchun beqiyos faxr.
Baxtiyor Sanginovning Jahon chempionatidagi g‘alabasi mamlakatimizda yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaradorligining yana bir bor namoyishi bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri