Gulistonlik pillakorlar – zafar marrasida
Guliston tumani pillakorlari Sirdaryo viloyatida birinchi boʻlib davlatga 87 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo topshirib, amaldagi rejani ortigʻi bilan bajardi.
Guliston tumani pillakorlari Sirdaryo viloyatida birinchi boʻlib davlatga 87 tonnadan ortiq sifatli xom ashyo topshirib, amaldagi rejani ortigʻi bilan bajardi.
“Erishilgan gʻalabaning asosiy sababi Muhtaram Prezidentimiz tomonidan pillakorlar uchun yaratilayotib berilgan shart-sharoit, gʻamxoʻrlik va eʼtibor natijasi tufaylidir”, deyiladi viloyat hokimi nomiga tuman hokimi tomonidan yoʻllangan zafarnomada.
Joriy mavsum davomida tuman boʻyicha 1 ming 120 ta xonadonda ipak qurti parvarishlanib 952 nafar faol ayollar mavsumiy mehnat bilan band boʻldi. Har bir pillakorga 1 yillik mehnat staji yozilib, tuman bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan ijtimoiy muhtoj oilalarga moddiy yordam sifatida qoʻshimcha har bir qutisiga 700 ming soʻmdan ish haqi toʻlandi.
Tumanning “kumush tola” xirmonini barpo etishda “Orol neʼmatlari”, “Lobar orzusi”, “Abdunazar ota tuhfasi” kabi fermer xoʻjaliklari pillakorlarining mehnatlari alohida tahsinga loyiq. Tumandagi Yangi hayot, Paxtaobod, Saxovat, Nurli yoʻl, Boyovut, Bogʻishamol, Oʻzbekiston suv isteʼmolchilari uyushmalari fermerlari alohida oʻrnak koʻrsatib, tumanda birinchilardan boʻlib shartnoma rejalarini ortigʻi bilan bajardi.
– Ipak qurtini parvarishlash jarayonida pillakorlarga jami 50 tonna un, 4,2 tonna oʻsimlik yogʻi va 1 milliard 210 million soʻm ish haqi oʻz vaqtida naqd pulda tarqatildi, – deydi tuman hokimi Sh.Gʻafurov. – Tumanimiz pillakorlari hali qimmatbaho xom ashyo topshirish ishlarini davom ettirmoqda. Mavsum yakuniga qadar, gulistonlik qimmatbaho ipak tolasi ijodkorlari yana, qoʻshimcha ravishda 1,2 tonna pilla topshirish niyatida ekanini maʼlum qilish, men uchun quvonchlidir.
Shu bilan birga gʻalla oʻrim-yigʻimini uyushqoqlik bilan oʻtkazib, gʻoʻza parvarishidagi barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz muddatida va sifatli olib borayapmiz. Gʻalla va paxta ishlab chiqarishdagi oʻz oldimizga qoʻygan rejalarni ham ortigʻi bilan bajarib, el-yurt oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishiga ishonchim komil.