Gulistonlik o‘quvchi xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi
Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan “WMI-2025” Xalqaro matematika olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, umumiy hisobda 3 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza — jami 10 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Ushbu nufuzli bellashuvda oltin medalga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri — Guliston shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 7-“Green” sinf o‘quvchisi Sardorbek Suyarov bo‘ldi.

Jahon miqyosidagi mazkur intellektual musobaqada Malayziya, Singapur, Filippin, Mongoliya, Myanma, Braziliya, Bolgariya, Turkiya, Kanada, AQSH, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va O‘zbekiston kabi 23 davlatdan 1 700 dan ortiq iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri