Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonga Kubadan mehmon keldi
10:45 / 2024-04-17

Rang-barang dunyo

“Yangi Sirdaryo” viloyat gazetasi tahririyatida jurnalistlarning suhbati avjida edi. Guliston tumanidagi Tajribakor mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Mayramxon opa Ergasheva  “Sizlarga Kubadan mehmonni olib keldim” deb kirib keldi. Sochlari jingalak, ko‘zlari katta-katta qiz tabassum qilarkan, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “Assalomu alaykum” dedi. Xorijlik qizning o‘zbekona kalomi barchamizni hayratga soldi.  

– Bu qiz kubalik, ismi Odelis. Biz uni Odinaxon, deb chaqiramiz, dedi Mayramxon opa. – Kelganiga 10 kundan oshdi. Uch yildan beri onasi bilan Moskvada yashaydi. O‘g‘lim va jiyanlarim Moskvada istiqomat qilishadi. Odinaxon jiyanim Nigoraxon bilan qo‘shni turadi. U xoreograf, raqs klubida mashg‘ulotlar olib boradi. O‘tgan yili Moskaga o‘g‘limnikiga borganimda kelinim va jiyanim bilan yurtimiz haqida gapirib bergandik. O‘shandan beri Odinaxon O‘zbekistonga kelishni orzu qilarkan.

Yaqinda u orzusini amalga oshirdi. Oilamiz bilan uni Toshkent aeroportida kutib oldik va xonadonimizga olib keldik. Ramazon oyining so‘nggi kunlari bo‘lgani uchun uni ham saharlikka uyg‘otdik. Erta saharda turib, tamaddi qilayotganimizdan, ayniqsa, kelinimning tongda turib, katta hovlini supurib-sidirishidan hayron bo‘ldi. Men unga Ramazon oyining xususiyatlari, nega ro‘za tutilishi, o‘zbekona urf-odatlar, udumlar, bekalik, kelinlik fazilatlari to‘g‘risida so‘zlab berdim. Mehmonimiz gaplarimni tinglarkan, “Menga ham o‘zbekchani, milliy odatlaringizni o‘rgating” dedi. Bir haftada ancha o‘zbekcha so‘zlarni, ayniqsa, salomlashishni o‘rganib oldi. Endi qayerga borsak, birinchi bo‘lib salom beradi.  

Odinaxon uch yil ichida rus tilini yaxshigina o‘rganibdi, shu bois u bilan bemalol suhbatlashdik. Uning aytishicha, Kuba maktablarida o‘quvchilar 12-yil o‘qitilar ekan. U mamlakat poytaxti Gavanada maktabni tamomlagach, oilaviy sharoiti tufayli onasi bilan Moskvaga ishlagani kelishgan ekan.  

   – Raqs klubida vaqtincha ishlayapman, kelajakda shifokor bo‘lishni orzu qilaman, hozir shunga tayyorgarlik ko‘rayapman, – deydi Odinaxon. – Yashirib nima qilaman, bizning mamlakatimizda hayot havas qilarli emas. Ayniqsa, yoshlar uchun imkoniyatlar kam. O‘zbekiston haqida ko‘p eshitganman. Kelganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin Guliston shahrining ko‘p joylarini ko‘rdim, xiyobon va istirohat bog‘larini tomosha qildim. O‘z nomiga munosib, chiroyli, ajoyib shahar ekan. Bozorlardagi, supermarketlardagi to‘kinchilikni, arzonchilikni, ko‘chalardagi orastalikni ko‘rib, hayratga tushdim. Odamlarning bir-birlariga munosabati, e’tibori, muomalasi juda yaxshi. Bu yerda mehmonni xush ko‘risharkan, qayerga borsam, dasturxonga taklif etishadi. Milliy taomlari, nonlari, ayniqsa, palov menga juda yoqdi. Kelganimdan beri deyarli har kuni palov yeyapman. Mayram opadan palov pishirishni o‘rganayapman. Uyimga qaytgach, uni onamga o‘z qo‘lim bilan pishirib beraman. Milliy liboslaringiz ham menga yoqdi. Mayramxon opa menga uzun atlas ko‘ylak tiktirib bermoqchi. O‘zbekistonlik yoshlarga havasim keldi, shunday go‘zal, obod, farovon va tinch mamlakatda yashash baxt ekanligi ularning yuz-ko‘zlaridagi quvonchda yaqqol ko‘rinib turibdi.

Shu kuni “Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari bosh muharriri Bahrom Boymurodov, gazeta mas’ul kotibi Hasan Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi xodimi Dilorom Ismadiyorova hamda bir guruh yosh ijodkorlar xorijlik mehmon bilan ancha payt suhbatlashdi. Odelis Mas bizlarga Kuba davlati, uning poytaxti Gavana shahri, kubaliklar hayoti haqida so‘zlab berdi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri