Favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayevning parlamentdagi eshituvida deputatlar aholi hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ayniqsa, ijtimoiy ob’ektlarning texnik holatini muntazam o‘rganish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, bir qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Mohira Xo‘jayeva, deputat:
— Hududlarda ko‘plab noxush holatlar sodir bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Xususan, Guliston shahrida sodir bo‘lgan chaqnash hodisasida ko‘plab fuqarolar jabr ko‘rdi. Vazirlik bu kabi holatlarning oldini olishda qanday choralarni rejalashtirgan?
— 2 dekabr kuni Guliston shahrida sodir bo‘lgan noxush holat bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilib, zarur choralar ko‘rilmoqda. Bu hodisa shuni ko‘rsatdiki, tadbirkorlar gaz ballonini qay tartibda o‘rnatishi, qayerga o‘rnatishi kerakligi borasidagi tartiblar belgilangan me’yoriy hujjatning o‘zi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Gulistondagi holat shuni bizga ayon qildi. Shundan kelib chiqib, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi va “Hududgazta’minoti” bilan birgalikda tegishli hujjat ishlab chiqilyapti. Unda gaz ballonlari qanday o‘rnatilishi kerakligiga oid tartiblar aniq belgilab qo‘yiladi.

Bu kabi noxushliklarning oldini olish, joylarda xavfsizlikni ta’minlash choralarini nazorat qilish va choralar ko‘rish bo‘yicha hududdagi vakillarimizga topshiriqlar berilgan va ishlar olib borilyapti.
Shuhrat Sharofiddinov, deputat:
— Is gazidan zaharlanish haqida tushuntirish ishlari olib borilishi muhim. Chunki is gazi bilinmagan holda paydo bo‘lib, xavf tug‘diradi. Yangi uy-joylar qurilishida is gazidan ogohlantiruvchi qurilmalarni o‘rnatishga talab bormi? Agar bunday talab bo‘lmasa, shunday talabni majburiy joriy qilish bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish borasida amaliy ishlar qilinyaptimi?
Vazirlik vakili:
— Shaharsozlik norma va qoidalarida bu talab ko‘zda tutilgan. Gazlashtirilgan xonadonlarni gaz signalizatorlari bilan ta’minlash belgilab qo‘yilgan. Yangi barpo etilayotgan uy-joylarni topshirish jarayonida ham bu talablarning bajarilishiga e’tibor qaratiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA