Bu yerlar qishloq xo‘jaligiga yaroqsiz, toshliq, qir-adirlardan iborat edi. 2020-yilga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan tumanlarda tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston massivlari” loyihasi ilk bor Bag‘dodda – aynan shu yerda amalga oshirildi va bugun bu yerdagi 64 ta ko‘p qavatli uy, 1200 dan ortiq xonadonda 4000 mingga yaqin aholi yashamoqda. Bu yo‘ldosh shaharchaning ismini “Guliston” deb qo‘ydilar.
Bu yerda Guliston shahrida yashaydiganlar hamda bag‘dodliklar uchun tibbiy xizmatlar ko‘rsatish markazi qad rostlamoqda.
Ha, Bag‘dod cho‘llarida barchaning havasini keltiruvchi go‘zal bir oshiyon – Guliston shaharchasi qurilgandi. Endi esa o‘sha Gulistonda viloyatning eng mukammal tibbiy loyihasi asosida davolash majmuasi – ulkan shifoxona kun sayin bo‘y ko‘rsatmoqda.

– Loyiha qiymati 54 millard so‘m bo‘lgan 2-markaziy shifoxona qurilishi rejalashtirilgan, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh muhandisi Mirzaabdulla Meliboyev. –100 o‘rinli ichki kasalliklar, 60 o‘rinli bolalar, 15 o‘rinli anestezologiya va reanimatsiya, 50 o‘rinli qo‘shma shikastlanish va yurak- qon tomir bo‘limlari qurilishi ishlari olib borilyapti.

Bag‘dod tumanining 2-sonli markaziy shifoxonasi to‘rtta tuman aholisi uchun xizmat qiladi va u “ixtisoslashgan” degan maqomga ega. Endi Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazi ochilishi munosabati bilan shoshilinch tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan, yo‘l-transport hodisasida jarohat olgan barcha bemorlar shu markazga keltiriladi va ularga erta tashxis qo‘yish va tez fursatda davo-muolajalarini amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, klinik-bioximiya laboratoriya bo‘limi, 15 o‘rinli anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi, qon quyish bo‘limi, o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan aziyat chekayotgan bemorlar qonini tozalashga mo‘ljallangan gemodializ bo‘limi markaz qoshida tashkil etiladi.

Hozir qurilish jadal sur’atlar bilan davom etmoqda.

– Bino 5 qavatli bo‘lib, unga 3 ta maxsus ixtisoslashgan liftlar qo‘yilyapti, – deydi 426 XIQMK ish boshqaruvchisi Abduvali Fozilov. – Hozir 120 ta ishchi ishlayapti. Bu loyihaning afzallik tarafi – mustahkam, zilzilaga chidamliligi bo‘lib, kerakli kesimdagi metal konstruksiyalar ishlatilyapti.
Bag‘dod tumanidagi bu inshoot “Yangi O‘zbekiston – 2030” dasturi ijrosining bir ko‘rinishi, xolos.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Eni2kG8108k?si=ewwh6BulPurKna-Q" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA