Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tashabbusi bilan “Yozni kitob bilan o‘tkazing” shiori ostida kitoblar yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda yozgi ta’til davrini mazmunli va samarali tashkil etishga ko‘maklashuvchi ma’naviy-ma’rifiy muhitni shakllantirishdan iboratdir.
Yarmarkada nafaqat badiiy adabiyotlar, balki tarbiyaviy va ta’limiy yo‘nalishdagi kitoblar ham keng namoyish etildi. Ular o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Tadbir davomida 100 dan ziyod jilddagi badiiy va bolalar adabiyoti namunalari xarid qilindi.

– Quvonarlisi, 2024–2025 o‘quv yili davomida o‘tkazilgan bunday kitob yarmarkalari tufayli shahrimizdagi umumta’lim maktablari kutubxonalari qariyb 4 000 jild yangi adabiyot bilan boyitildi, — deydi Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining rahbari Samandar Ortiqov. – Bu esa o‘qituvchi va o‘quvchilarning kitobga bo‘lgan munosabatini kuchaytirish, bilimli, intellektual salohiyatga ega, kitobsevar yoshlarni tarbiyalashda muhim omil hisoblanadi.

Eng muhimi, “Yozni kitob bilan o‘tkazing” shiori ostida o‘tkazilgan kitoblar yarmarkasida jami 2,5 million so‘mlik kitoblar savdosi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatining tobora ortib borayotganidan dalolatdir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri