Gulistonda “Yoshlar saylgohi” quriladi
Sirdaryo viloyatining markazi Guliston shahri hududidan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali atrofida “Yoshlar saylgohi” barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda. Saylgoh barpo etilishi nazarda tutilgan 9,5 gektar maydonda yigirmaga yaqin ob’ekt – konferensiyalar zali, yozgi va qishki amfiteatr, muzey, zamonaviy kutubxona, akvapark, bolalar o‘yingohi, tennis, futbol, basketbol, voleybol, “Workout”, “Stryeyetbol” maydonlari, fitnes klubi, yugurish va velosiped uchish uchun alohida yo‘laklar, favvorali xiyobonlar, bog‘ va sayr zonalari, restoran, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joylashadi.
Saylgoh loyihasining umumiy qiymati 120 million AQSH dollariga yaqin bo‘lib, xorijiy investitsiya ishtirokida amalga oshiriladi.
Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev Xitoyning “Shaanxi Banghan Marketing Consuting” kompaniyasi vakillarini qabul qilib, mehmonlarga viloyatning investitsion jozibadorligi va investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv mobaynida “Yoshlar saylgohi” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.
Kompaniya rahbari Vang Ding Chao amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihaga binoan qurilish uchun ajratilgan hududlarni ko‘zdan kechirdi. Kompaniya tomonidan loyihaga investitsiya yo‘naltirishga kelishib olindi.
Sh.Suyarov,
O‘zA muxbiri