Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda yangi korxona ish boshladi
15:05 / 2022-06-07

Sirdaryo viloyatida polipropilen qop tayyorlashga ixtisoslashtirilgan yangi korxona ish boshladi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

Yaratilayotgan imkoniyatlar samarasida viloyatda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar safi tobora kengayib bormoqda.

“World of techno” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan mazkur korxona “MMX-PRO” brendi ostida yiliga qiymati 45 milliard so‘mlik 30 million dona polipropilen qop tayyorlash quvvatiga ega. Loyihani amaliyotga joriy etish uchun 3,1 million AQSH dollariga teng investitsiya yo‘naltirildi. Uning 1,7 million dollari “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki krediti hisobidan qoplandi.

– Polipropilen qoplar ishlab chiqarish daromadlidir, – deydi korxona rahbari Qobiljon To‘rayev. – Bu qoplardan, asosan, mustahkam sanoat qadoqlari sifatida foydalaniladi. Korxonamiz 2021 yil avgust oyida test rejimida ish boshlab bugungi kunda to‘liq ishga tushirildi. Loyiha uchun zarur bo‘lgan 2,5 million AQSH dollarlik asbob-uskunalar Xitoy davlatidan keltirilgan.

Korxona mehnat jamoasi o‘z mahsulotlarining 60 foizini MDH davlatlariga eksport qiladi. Loyiha ishga tushishi natijasida 180 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishchilarning o‘rtacha oylik ish haqi 2 million so‘mni tashkil etadi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA