Guliston shahridagi Prezident maktabida yoshlar uchun mo‘ljallangan “Startup Saturday” innovatsion tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlarning tadbirkorlik va innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, startap ekotizimi bilan yaqindan tanishtirish hamda amaliy tajriba almashish maqsadida tashkil etildi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasining Innovatsion rivojlanish shu’basi mudiri Sayfiddin Isanturdiyev, StartUp menejeri Hasan Axmuratov hamda IT Park menejeri Mirbobojon G‘aybullayev, Prezident iqtidorli farzandlari milliy dasturining Sirdaryo viloyati bosh maslahatchisi Madina Saparovalar boshlab berishdi. Mutaxassislar o‘z chiqishlarida mamlakatimizda innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar startap tashabbuslarini rag‘batlantirish mexanizmlari va yaratilgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Tadbirda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi hamda viloyatdagi qator umumta’lim maktablari o‘quvchilari faol ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar uchun startap tushunchasi, g‘oyani loyihaga aylantirish bosqichlari, biznes-model yaratish, startap musobaqalari xususida amaliy ma’ruzalar taqdim etildi. Shuningdek, jamoaviy ishlash, muammoga innovatsion yondashuv va taqdimot mahorati bo‘yicha treninglar o‘tkazildi.

Tadbir doirasida turli maktablardan tashrif buyurgan o‘quvchilar jamoalarga birlashtirilib, “Cemverde”, “Renessans”, “Robocop”, “Sivrae Vision”, “DoriCHECK”, “Relocate.uz” kabi mini-startap loyihalarini ishlab chiqdilar. Jamoalar o‘z g‘oyalarini qisqa muddat ichida shakllantirib, mutaxassislar va ishtirokchilar oldida himoya qildi.

Shuningdek, tadbirda o‘z startap prototiplari bilan qatnashgan Ibrohim Shaymardanov (SATracker), Asrorbek Abdujalilov (EcoNovda), Jamoliddin Toirov (TezTekshir), Aslbek Boyxo‘rozov (Salen Academy), Shohjahon Abduhamidov (Marsillino), Mavlonbek Jamolov (EcoDu), Zarina Sultonboyeva (Earthen Pot Walls) kabi ishtirokchilar tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.

Qayd etilganidek, “Startup Saturday” loyihasi yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirish, ularni zamonaviy texnologiyalar va startap ekotizimiga jalb etish, g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri