Guliston shahrining Bo‘ston mahallasida joylashgan "Aloqa AK" xususiy ishlab chiqarish korxonasining bo‘sh turgan binosida nuroniylarning vaqtini chog‘, mazmunli o‘tkazish uchun nuroniylar guzari tashkil etildi.
Guzar tashkil etilmasdan oldin gulistonlik bir guruh nuroniylar Namangan viloyatining Namangan shahri, Chust, Yangi hayot tumanlaridagi 5 ta mahallada bo‘lishib, nuroniylar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgangandi.
–Rosti, Namangan viloyatining shahar va tumanlarida nuroniylar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bizda katta taassurot qoldirgandi,– deydi "Nuroniy " jamg‘armasi shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Qo‘ziboy Abdullayev. –Biz ham shu kabi guzarni tashkil etish, 2-sektor hududida istiqomat qilayotgan 2000 nafarga yaqin nuroniyning vaqtini chog‘ va mazmunli tashkil etish uchun 2-sektor rahbari, Guliston shahar prokuroriga murojaat qilgandik. U kishi bizning murojaatimizni ma’qullab, hududidagi "Aloqa AK" ning bo‘sh turgan binosidan joy ajratilishga amaliy yordam berdi.
[gallery-19318]
Guzarda nuroniylar dam olib hordiq chiqarishi, shaxmat-shashka o‘ynab, sportning nuroniylarga xos va mos turi bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Nuroniylar guzarining ochilishga bag‘ishlangan tadbirda «Nuroniy» jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi O‘tbosar Abdiyev ishtirok etib, bu kabi guzarlarni nafaqat Guliston shahri, balki viloyatning barcha hududlarida ham tashkil etish to‘g‘risida viloyat rahbariyatiga bildirilgan tashabbus rahbariyat tomonidan ma’qullanganini ta’kidlab o‘tdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri