Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda "Kamalak yulduzlari" festivali bo‘lib o‘tdi
13:16 / 2022-08-01

Guliston shahar 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivali o‘tkazildi.

Festival O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat, Xalq ta’limi boshqarmalari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli bolalar o‘rtasida o‘tkazildi.

Maqsad, iqtidorli bolalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va mahoratlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, san’at va go‘zallikka intilishini kuchaytirish, milliy san’at an’analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish, rivojlantirish va davom ettirishdan iborat.

Ishtirokchilar 6-14 yoshgacha bo‘lib, ular mumtoz, milliy va akademik ijro, xalq cholg‘ulari, raqs, tasviriy va amaliy san’at, nazm, nasr yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Joriy yil festivalda ishtirok etish istagini bildirgan bolalar viloyat bo‘yicha 1300 nafardan oshdi. Iqtidorli bolalar 6 ta yo‘nalish – “A” - fortepiano, torli cholg‘ular, damli va zarbli cholg‘ular; “V” - estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi; “S” - an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, folklor va xor jamoalar, “D” - xoreografiya-raqs-milliy, ball raqsi hamda zamonaviy raqslar; “Ye” - tasviriy san’at-grafika, rang tasvir (natyurmort), haykaltaroshlik, amaliy san’at-kulolchilik, zardo‘zlik, quroqchilik, gilamdo‘zlik, bisser to‘qish; “F” - nasr-hikoya, ertak, nazm-she’r, g‘azal, doston bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. Ular joriy yilning 7-15 iyun kunlari tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida ishtirok etdi.

Tanlovning tuman va shahar bosqichlaridan 161 nafar iqtidorli bola saralanib, viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Festival yakuniga ko‘ra, 48 nafar iste’dodli yosh viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Ular rag‘batlantirildi.

 

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat),O‘zA