Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yiladi
12:20 / 2026-01-13

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida baliqchilik sohasini intensiv usullar va zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsion loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev Xitoy Xalq Respublikasining “Haid International Holdings Limited” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, xususan, Guliston tumanida baliqchilikni intensiv usulda tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida gektariga yiliga 150 tonnadan ortiq baliq yetishtirish imkonini beruvchi investitsion loyihani amalga oshirish masalasi batafsil ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida suv resurslaridan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, zamonaviy ozuqa bazasini shakllantirish hamda baliq mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishini kengaytirish rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida xitoylik investorlar loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan hududlarga joyiga chiqib tanishtirildi. Tanishuv jarayonida infratuzilma ob’ektlari, ishlab chiqarish quvvatlari, suv ta’minoti tizimi va kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Uchrashuvlar natijasida dastlabki kelishuvlarga erishilib, loyihani amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini sifatli va xavfsiz baliq mahsulotlari bilan ta’minlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash asosiy maqsad sifatida belgilandi. Shuningdek, ushbu tashabbus tumanning investitsion jozibadorligini oshirish va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

– Bundan tashqari, xitoylik investorlar bilan hamkorlikda Guliston tumanining  Tajribakor  mahallasida joylashgan 68 gektar yer maydonida tashkil etilgan maxsus sanoat zonasida qiymati 200 million AQSH dollariga teng bo‘lgan yirik investitsion loyihani amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi, – dedi Olimjon Jo‘rayev.

Ushbu loyiha doirasida sovitish va isitish uskunalari, santexnik vositalar hamda xalq xo‘jaligida keng qo‘llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Natijada 3 mingtaga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilib, mahalliy bozor ehtiyojlarini ham ta’minlaydi.

Ma’lum qilinishicha, investorlar ushbu sanoat loyihasini joriy yilning birinchi choragi yakuniga qadar ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, intensiv baliqchilikni rivojlantirish iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda ekologik barqarorlikni ta’minlash, suv resurslaridan tejamkor foydalanishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu loyihalar Guliston tumani qishloq xo‘jaligi va sanoatida yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishi kutilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri