Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda ilk “SAXOVAT” savdo majmuasi ishga tushirildi
12:34 / 2021-06-02

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi bayramiga Sirdaryo viloyatining har bir shahar va tumanlarida “Istiqlolning 30 yilligiga – 30 yangi ob’ekt” ezgu shiori ostida ko‘plab yangi-yangi inshootlar qurilib foydalanishga topshirilmoqda.

Guliston shahrida foydalanishga topshirilgan “SAXOVAT” savdo markazi ana shunday katta loyihalardan biridir.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev so‘zga chiqib, mazkur kompleks aholiga qulay va maqbul savdo xizmatlarini ko‘rsatishi, qolaversa, hududning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi xayrli qadamlardan biri ekanligini ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari savdo majmuasida xaridor va xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar, mahsulotlar turlari, narxi va sifati bilan yaqindan tanishdi.

– Har doim el xizmatida bo‘lish, yurt koriga yarash harakatidamiz, – deydi savdo markazi rahbari Ilhom Karimov. – Majmuamiz Guliston shahrining aynan qoq markazida joylashganligi, mahsulotlarning sifati kafolatlangan va arzonligi mijozlarimiz uchun juda qulay. Sifatli xizmat ko‘rsatish daromad olishimizda muhim omil. Bu uzoq yillar shu tizimda ishlash, raqobatlardan cho‘chimay faoliyat yuritish imkonini beradi.  

Umumiy maydoni 25 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi ushbu 4 qavatli bino Jamshid Kenjayev rahbarligidagi “Beton sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan jahon va Yevropa andozalari hamda Sharq me’morchiligi mujassamlashgan holda bunyod etildi.

Ushbu savdo majmuasi ishga tushirilishi natijasida 500 nafar sirdaryolik yoshlar, xotin-qizlar yangi ish o‘rni bilan ta’minlandi.  

Yana bir e’tiborli tomoni, majmuadagi go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari rastalari aynan mahalliy yetishtiruvchilar ixtiyoriga berilgan.

Birinchi qavatda yirik ko‘p turli mahsulotlarga ega 1500 kv.m. maydonda "MAKRO" oziq-ovqat marketi, o‘zining qulayligi, sifati bilan tanilgan "ISHONCH" maishiy texnika va elektronika savdosiga ixtisoslashgan internet do‘konlar tarmog‘i, novvoyxona joylashgan.

Shuningdek, ushbu qavatdan 5 ming kitob fondiga ega kutubxona joylashtirish uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.  

Ikkinchi qavatda ayollar, erkaklar va bolalar kiyim-kechak do‘konlari, sarpo buyumlari, "INDENIM" brendi, "Redtag" va "Flo" kabi nufuzli brendlarning mahsulotlari ham sotuvga qo‘yilgan. Ushbu qavatda atele mod, parfyumeriya va aksessuar savdo do‘konlari ham joy olgan.

[gallery-2647]

Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichida, inshootning 3-qavatida bolalar o‘yin maydonchalari, "BOWLING" markazi, ovqatlanish maydoni fudkort va boshqa ko‘ngilochar ob’ektlar joy olishi rejalashtirilgan.  

Oziq-ovqat maydonida "EVO", "Bellissimo", "STREET 77", "Les Ailes" va shu kabi mahalliy oziq-ovqat tarmoqlari joylashadi.

Markazning 4-qavatida panoramali qahvaxonalar, ochiq ayvonlar mavjud bo‘lib, ushbu dam olish va ovqatlanish majmuasi ishga tushgach, yozning issiq kunlarida oilaviy kelib hordiq chiqarish mumkin.  

"SAXOVAT" savdo markazi viloyatdagi ilk savdo-ko‘ngilochar markaz sanaladi. Maxsus chegirma va aksiyalar, keng turdagi mahsulotlar, sifatli xizmat, shinam va qulay xarid muhiti mahalliy aholi uchun ayni muddaodir.

 

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat) O‘zA