Guliston davlat Pedagogika instituti hamda Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida “Xalq so‘zi” va “ Narodnoye slovo” gazetalari kunlari bo‘lib o‘tdi. Ijodiy uchrashuvlar “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” tahririyati hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi va mazkur gazetalar tashkil etilganining ham 35 yilligiga bag‘ishlandi.
Uchrashuvlarda tahririyat faoliyatida keyingi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar, axborot makonida tezkorlik, aniqlik va xolislikni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, nashrlar mazmun-mohiyatini zamon talablari asosida boyitish, tahliliy materiallar salmog‘ini oshirish hamda dolzarb ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni chuqur va xolis yoritishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, raqamli platformalarni rivojlantirish, rasmiy veb-saytni takomillashtirish, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar faolligini kuchaytirish, multimedia loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali axborot yetkazish qamrovini kengaytirish choralari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Infografika, videosharhlar va qisqa tahliliy materiallar orqali, ayniqsa, yoshlar auditoriyasi bilan samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Muloqotlarda so‘zga chiqqanlar mazkur nashrlar aholini xolis va ishonchli axborot bilan ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim o‘rin tutayotganini e’tirof etishdi. Shuningdek, matbuotning jamiyat hayotidagi o‘rni, so‘z mas’uliyati va jurnalist kasbining yuksak talablari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbirlar davomida mushtariylar tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Xususan, institut talabalari gazetalarda chop etilayotgan tahliliy maqolalarni muntazam kuzatib borayotganlarini ta’kidlashib, tahririyat jamoasiga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi. Institutda “Mahorat maktabi”ni tashkil etish taklifi ham ular tomonidan iliq qarshi olindi.
Yakunda tahririyat va mushtariylar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, nashrlar o‘qishliligi va ommabopligini oshirish yuzasidan bildirilgan takliflar gazetalarning kelgusi faoliyatlarida inobatga olinishi ma’lum qilindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri