Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan markaz bolalar o‘rtasida nogironlikni kamaytirish, barkamol, sog‘lom avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sirdaryo viloyati Gulischton shahridagi markazning tantanali ochilish marosimida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i H.Hakimov ishtirok etdi. Respublikada birinchilardan bo‘lib tashkil etilgan markaz surunkali kasalliklarga chalingan, nogironligi bor bolalar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan. Uning asosiy maqsadi surunkali kasalligi va nogironligi bor bolalarning salomatligini yaxshilash, tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, davolash, asoratlarini kamaytirish va sog‘lomlashtirishga qaratilgan.

— Markazda asab tizimi, suyak-mushak va tayanch tizimi, nafas a’zolari, bo‘g‘im kasaliklari reabilitatsiya bo‘limlari mavjud, –deydi bosh shifokor Tursunoy Xolboyeva. – Markazda bemor bolalar funksional tashxis xonalaridan va klinik, biokimyo laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tib, fizioterapiya bo‘limida shifokor ko‘rigidan o‘tadi. Bemor bolalar yuqori va past chastotali toklar bilan, massaj, parafin kabi muolajalarini olib, jismoniy tarbiya xonasida zarur mashqlarni bajarishadi. Markazda bolalar uchun shifobaxsh dorivor giyohlardan damlamalar ham tayyorlanadi. Bu reabilitatsion davolash usullari bolalar tana a’zolarida yo‘qolgan funksiyalarini qisman va to‘liq tiklashga yo‘naltirilgan.
Shuhrat Suyarov, O‘zA