Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda “Besh tashabbus xiyoboni” ochildi
12:44 / 2021-06-02

Davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida taklif etilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosi doirasida Guliston shahri markazidan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalining chap qirg‘og‘i obodonlashtirilib, 2,6 gektar maydonda “Besh tashabbus xiyoboni” kompleksi barpo etildi.

“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan ushbu xiyobonning ochilish marosimida oldimizga katta maqsadlar, ulkan marralar qo‘yilgani, eng oliy maqsad, aholi roziligiga erishish ekanligi ta’kidlandi.

Ushbu kompleks o‘rnidan muqaddam aholi foydalanib kelgan, biroq 2016 yildan buyon bu joy yaroqsiz ahvolga kelib qolgan suv havzasi tubdan qayta rekonstruksiya qilindi.

Xiyobondagi piyodalar yo‘lakchasi, veloyo‘lakcha hamda qumli to‘shamalar bilan o‘ralgan hovuz atrofi yangicha qiyofa kasb etdi.  

Mazkur kompleks 24 soat faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan quyosh batareyali 90 ta tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlandi.  

Madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni ochiq havoda o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus sahna (amfiteatr), 5 ta yengil tipdagi savdo do‘konlari qurilib, tashlandiq holatdagi 2 ta bino qayta ta’mirlandi va foydalanish uchun tayyor holga keltirildi. Ulardan birida “Bookcafe” shaklidagi kutubxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ikkita kater keltirilib, dam oluvchilar uchun “Do‘stlik” kanali bo‘ylab sayr qilish uchun imkoniyat yaratildi.

Shuningdek, 10 ming 500 metr kvadrat maydon ko‘kalamzorlashtirilib, 2 ming tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari uchun tadbirkorlar tomonidan 2 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi.

“Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan 30 dan ortiq ayollar va yoshlar ushbu kompleksda tibbiy, sanitar, ijtimoiy va boshqa sohalarda ish bilan ta’minlandi.

[gallery-2648]

Xiyobonning tantanali ochilish marosimida “Bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlari” yarmarkasi ham o‘tkazildi.

Mehnat yarmarkasida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 60 ga yaqin korxona va tashkilot, yirik fermerlar va xususiy tadbirkorlar mavjud 1 ming 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.

Yakunda 113 nafardan ziyod ishsiz fuqaroga ishga joylashtirish, kasbiy o‘quvga yuborish, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘llanmalar berildi.

Tadbir davomida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev ishtirok etdi.

 

A.Qayumov, F.Toshmatov (surat) O‘zA