Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda "Aqlli shahar" barpo etiladi
17:00 / 2022-11-29

"Koreya – O‘zbekiston" biznes assotsiatsiyasining direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon boshchiligidagi koreyalik ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Delegatsiyani Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev qabul qildi. Muloqot davomida hamkorlik aloqalarining istiqbollari muhokama etildi. Qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarish, ta’lim, shuningdek, viloyatda Koreya standartlari asosida shaharsozlik normalarini joriy etish borasida amaliy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.

Aytish lozimki, bugungi uchrashuv Janubiy Koreya bilan hamkorlikda viloyatda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va maktabgacha ta’lim sohasida boshlangan muzokaralarni davom ettirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Samimiy va ishchanlik ruhida kechgan muloqot davomida aniq loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, tez orada Guliston shahrida qator afzalliklarga ega, qiymati 50 million AQSH dollariga teng bo‘lgan “Aqlli shahar” barpo etishga kirishiladi.

“EduLink Global” kompaniyasi tomonidan “Guliston New City” loyihasi doirasida Janubiy Koreya tajribasi asosida maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi ham nazarda tutilmoqda.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar yuqoridagi loyihalarni amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hudud infratuzilmasi bilan tanishishdi.

Sh. Suyarov, Sh. Ortiqboyev,(surat) O‘zA.