Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida joriy yilning o‘tgan davrida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 491 nafar yigit-qizdan 457 nafari turli yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlandi, bandligi ta’minlandi.
Shundan 112 nafar yosh doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 69 nafarining esa oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi uchun shartnoma to‘lovlari qoplandi. 15 nafariga tibbiy xizmatdan foydalanishda yordam ko‘rsatildi, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi zaxirasidagi 32 nafar yoshning shartnoma puli to‘lab berildi.

Yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 104 nafar yigit-qiz tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Shu bilan birga, 115 nafar yoshning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi ta’lim xarajatlari qoplab berildi. 7 nafar yosh kasb-hunarga yo‘naltirildi, 3 nafarga esa haydovchilik guvohnomasini olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bu haqda Guliston tumanida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Adham Yunusxonov, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

– Yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi. Nafaqat yoshlar, balki aholining boshqa qatlamlari muammolari ham bosqichma-bosqich hal etiladi. Asosiy maqsadimiz — ishsizlikni kamaytirish, aholining daromadini oshirish va har bir oilaning farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish, – dedi Adham Yunusxonov.
Anjuman yakunida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari yoshlar bilan ishlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni ish bilan ta’minlashdagi ustuvor yo‘nalishlar hamda kelgusi rejalar yuzasidan o‘z savollariga javoblar olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA