Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulistonda 24 soat faoliyat olib boradigan markaz qurilmoqda
12:06 / 2021-05-24

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan

Sirdaryo viloyati markazi – Guliston shahrida “Istiqlolning 30 yilligiga 30 ta ob’ekt” shiori ostida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 11 maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Guliston shahrida 24 soat faoliyat olib boradigan zamonaviy markaz  qurilishi ishlari boshlandi.

Guliston shahrining markazidan kesib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali yonida joylashgan suzish havzasi yangidan ta’mirlanib, bu yerda yozgi cho‘milish havzasi, piyodalar va veloyo‘laklar, yozgi konsert maydoni, savdo do‘konlari, madaniy-maishiy, texnik servis xizmatlari, katta kitob fondiga ega kutubxona va, umuman, davlatimiz rahbari taklif etgan 5 ta muhim tashabbusni qamrab oluvchi ko‘ngilochar markaz tashkil etishga kirishildi.

Bundan tashqari, mazkur suzish havzasi qish mavsumida generator yordamida muzlatilib, xokkey va qishki sport bellashuvlari o‘tkaziladi.

Gulistonlik yoshlar va shahar mehmonlari ushbu markazda yozning issiq kunlarida maroqli dam olib, madaniy-maishiy, ko‘ngilochar xizmat turlaridan bahramand bo‘lishi, qish faslida esa ajoyib xokkey bellashuvlarini tomosha qilishi yoki o‘zlari konkida uchishi mumkin bo‘ladi.

24 soat faoliyat yurituvchi mazkur markaz qurilishi ishlari joriy yil 1 sentyabriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Ushbu ko‘ngilochar markaz ishga tushishi bilan bir necha o‘nlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

 

A.Qayumov, O‘zA