Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Guliston universitetida hind talabalari ham tahsil olishmoqda
14:41 / 2026-01-22

Gulistonliklar uchun katta yangilik bo‘ldi. Shahardagi Guliston davlat universiteti Tibbiyot fakultetida respublikamizning turli hududlaridan kelgan talabalar qatorida, O‘zbekiston va Hindiston davlatlari o‘rtasida tuzilgan xalqaro hamkorlik doirasida, hindistonlik talabalar ham tahsil ola boshladi.

–   Bu yangilik nafaqat universitetning global ta’lim maydonidagi o‘rnini mustahkamlaydi, balki xalqaro hamkorlikni kengaytirish va madaniy aloqalarni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi fakultet dekani, tibbiyot fanlari nomzodi Farhod Shernazarov.

Asosiysi, o‘quv dasturi amaliyot bilan mukammal uyg‘unlikda amalga oshirilmoqda. Tajribali mutaxassislar inson salomatligini tiklash uchun zarur bilimni talabalarga beradi, shuningdek, zarur shart-sharoit ham yaratilgan. Tibbiyot ta’limi uchun kerakli o‘quv qurollari, inventarlar va multimedia vositalari bilan ta’minlanganligi darslarni yuqori bosqichda olib borish imkoni bor.

Hindistonlik talabalardan Muhammmad  Kalam Alansiya  o‘z taassurotlari haqida shunday dedi:

–  Yoshligimda O‘zbekiston haqida ko‘p eshitganman. Uning boy tarixi bor. Hindistonda hukmronlik qilgan, uning rivojiga munosib hissa qo‘shgan Boburiylar va tib ilmining sultoni Ibn Sino shu yurt farzandi. Shu boisdan ham men O‘zbekistonga, ayniqsa Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetining Tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdim. O‘qish sharoitlarimiz yomon emas. Asosiysi, O‘zbekistonliklarning mehmondo‘stligi va samimiyligi, shirindan shirin taomlari bizda katta taassurot qoldirdi.

Kuni kecha Guliston davlat universiteti Yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev va o‘qituvchilar ishtirokida Hindistonlik talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Unda Yoshlar yetakchisi talabalarning universitet hayoti, ilmiy va madaniy tashabbuslari bo‘yicha fikr va takliflarini o‘rgandi. Uchrashuv davomida talabalar o‘z bilim va tajribalarini baham ko‘rdi hamda mahalliy muhitda integratsiyalashishdagi imkoniyat va qiyinchiliklarini muhokama qilishdi.

Samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuvda hindistonlik talabalar universitetning ahamiyatini, shuningdek, O‘zbekistonlik talabalar bilan do‘stlik aloqalari kundan kunga mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlashdi.

Uchrashuv yakunida Yoshlar yetakchisi Hindistonlik talabalarga o‘zbek milliy bosh kiyimi — do‘ppi va o‘zining muallifligidagi she’riy to‘plam "Muhabbat semestri" kitobini sovg‘a qildi. Bu tashabbus nafaqat mehmondo‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan, balki talabalarda o‘zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini yaqindan anglash imkonini ham beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri