Guliston shahrida “Guliston tibbiyot klasteri”ning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Uning ikkinchi bosqichi ham ishga tushirilgach, o‘rinlar soni 520 taga yetadi, 5 ta davolash blimini o‘z ichiga oluvchi muassasada diagnostika va laboratoriya tashxis natijasini olish uchun goh u, goh bu shifoxonaga borishga hojat qolmaydi.
Quvonarli tomoni, klaster faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, bir vaqtning o‘zida kardiolog, okulist yoki endokrinolog maslahatini shu yerda olishi mumkin bo‘ladi.
Buning uchun yetarlicha imkoniyat yaratilgan.
— Guliston tibbiyot klasterining yuz o‘rinli terapiya korpusi binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, — deydi Guliston tibbiyot klaster direktori Qodir Hotamov. — Uning qurilishi uchun 18 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qurilish ishlarini Gulistondagi «Shohrux-Demirbek» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari amalga oshirdi. Endilikda ushbu binoda, umumiy terapiya va reabilitatsiya, nevrologiya, kardiorevmatologiya, pulmonologiya va gematologiya bo‘limlari joylashtirilib, o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, ayni vaqtda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan Guliston tibbiyot klaster balansiga o‘tkazilgan eski 2 qavatli xirurgiya binosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilyapti. Ushbu yumushlarning bajarilishi uchun qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Qurilish va rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetgach, u yerda 60 o‘rinli endokrinologiya dispanseri xirurgiya xizmati bilan, shuningdek 30 o‘rinli yiringli xirurgiya, binoning birinchi qavatida 15 o‘rinli nefrologiya bo‘limlari o‘z faoliyatini boshlaydi.
Guliston tibbiyot klasterning moddiy texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlash maqsadida, o‘tgan 2021-2022 yillar davomida 1 milliard 735 million so‘mga yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan 10 turdagi apparatura, ya’ni analizator, raqamli rentgen, kamerali mikroskop, video endoskop keltirilgan, diagnostika ishlarini yaxshilash uchun raqamli «DRF-4» keltirib o‘rnatildi. Yaqin vaqtlar oralig‘ida magnitli rezonans tomograf apparati keltirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Guliston tibbiyot klasterida tibbiyot xodimlar ilmiy ish bilan shug‘ullanishi uchun respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy tibbiyot markazlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ, xirurgiya, neyrotravmatologiya bo‘limining bir qator shifokorlariga o‘z ustida ishlab, ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beryapti.
Birgina joriy yilda mazkur klasterda 150 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi. Buning natijasida, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga ehtiyoji bo‘lgan, respublika ilmiy amaliy tibbiyot markazlariga ushbu amaliyot bilan bog‘liq masalalar bilan murojaat etuvchi bemorlar soni keskin qisqardi.
Guliston tibbiyot klasteri to‘la-to‘kis ishga tushgach, aholi salomatligi bilan bog‘liq ko‘pgina masalalarga shu yerning o‘zida yechim topiladi. Malakali tibbiy xizmat shu yerning o‘zida ko‘rsatiladi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA