English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Guliston shahrining 24 ta mahallasida “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilmoqda
16:06 / 2021-10-08

Hozirgi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar bilan manzilli ishlash va ularning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash maqsadida hududlarda tashkil etilgan “mahallabay” ishlash tizimi o‘z samarasini bermoqda.

“Mahallabay” ishlash tizimi asosida “og‘ir” mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy qilingan “yetakchi” tadbirkorlar va xonadonlar o‘rtasida iqtisodiy kooperatsiyani kengaytirish orqali aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Misol uchun, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani, “Shirin” mahallasida tadbirkor tomonidan Yo‘ldoshevlar xonadonida iqtisodiy kooperatsiya orqali kurka yetkazib berilib, ushbu xonadon sohiblarining bandligi ta’minlandi.

Endilikda “mahallabay” ishlash tizimini keyingi bochqichga olib chiqish mahallaning o‘zida turib, barcha masalalarni hal qilish choralarini ko‘rish bilan shug‘ullanish maqsadida Prezident topshirig‘iga asosan, respublikada ilk marotaba Guliston shahar hokimligida tajriba tariqasida “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etilmoqda.

Lavozimga oliy ma’lumotli, iqtisodiyot sohasida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, mahallaning shart-sharoitini yaxshi biladigan, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning biznes loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tajribasiga ega bo‘lganlar tayinlanadi.

“Hokim yordamchisi” “Xonadonbay” so‘rovlar o‘tkazish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish “portreti”ni ishlab chiqish, mahallaning ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish choralarini ko‘rish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, ishga joylashish istagini bildirgan ishsizlar bandligini ta’minlash va aholining o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashadi.

“Ijtimoiy shartnoma” tizimi orqali tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar ajratilishi, mavjud muammolarni “mijozbay” o‘rganish hamda hal etish orqali tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, hududiy va investitsiya dasturlariga takliflar ishlab chiqish, mahallaning rivojlanishiga doir dasturlar ijrosini nazorat qilib boradi.

“Hokim yordamchisi”ga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har bir mahalladagi xonadonlarga va yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish uchun kredit resurslari limiti ixtiyori beriladi.

Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ishsiz fuqarolar uchun asbob-uskunalar va mini texnologiyalar xarid qilishga har bir mahallaga subsidiya uchun kupon beradi. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga fuqaroni jalb qilish uchun har bir mahallaga kupon beradi. Har bir mahallada fuqaroni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun vaucher berish ham zimmasida bo‘ladi.

Nomzod ushbu lavozimga tayinlangan kundan e’tiboran milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, mehnat faoliyatining natijadorligiga ko‘ra lavozim bo‘yicha o‘stirib boriladi.

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA