Prezidentimizning 2018 yil 2 avgustdagi “Respublika hududlarida “BUSINESS CITY” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Guliston Business City” davlat unitar korxonasi tomonidan Guliston shahrida zamonaviy biznes markazini qurish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ushbu “Guliston Business City” biznes markazini qurish loyihasi haqida kichik hajmdagi maqola chop etdi. Ana shu maqola nashr etilgandan so‘ng, tahririyatimizga telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib, Guliston shaharida “Guliston Business City” barpo etilmaydi, omma bundan norozi, degan chaqiriq yangradi.
Ushbu markazning yaratilishi to‘g‘risida batafsilroq ma’lumot olish maqsadida muxbirimiz “Guliston Business City” davlat unitar korxonasi (DUK) rahbari Ulug‘bek Do‘stmatov bilan suhbatlashdi.
– Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri tobora ko‘rkam va maftunkor bo‘lib bormoqda. Buni so‘nggi 3 yil ichida Gulistonda Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida mutasaddilar zimmasiga yuklagan topshiriqlari, Davlat rahbari va hukumat tomonidan imzolangan farmon, qaror va farmoyishlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari samarasida shaharda yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlarda ham yaqqol ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytini muntazam kuzatib boraman. 9 tilda mamlakatimizda bo‘layotgan voqeliklarni, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni, bir-biridan xalqchil Prezidentimiz va hukumatimizning farmon, qaror va farmoyishlarini butun dunyoga tarqatayotgan birinchi raqamli davlat rasmiy tarmog‘i deb bilaman. Bu dargohda o‘z kasbining tom ma’nodagi professionallari mehnat qilishiga shubham yo‘q. Demakki, unda turli ijtimoiy tarmoqlardagi kabi fisqu-fasodlar, mish-mishlarga tayanilgan ma’lumotlar berilmasligiga ishonchim komil.
Saytingizda berilgan “Guliston Business City” biznes markazi qurilishi haqidagi maqola va undagi keltirilgan dalillar 100 foiz haqiqat va biznes markaz qurilishi shubhasiz.
– Guliston shahrida “Guliston Business City” biznes markazini qurish loyihasini amalga oshirish g‘oyasi aslida kimga tegishli va u qachon tug‘ildi?
– Hammasi 2016 yilda, Guliston shahrini rivojlantirishning umumiy rejasiga muvofiq, hukumatimiz tomonidan viloyat markazidagi eski kolxoz bozorini, shuningdek, kiyim-kechak bozorini ham buzish va u yerga chiroyli “mikrorayon” barpo etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilganidan keyin, shu hujjat asosida, 2016 yilning 20 iyulida Guliston shahar hokimining 1353-sonli qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra eski kolxoz bozori buzilib, u yerda savdo to‘xtatilishi va shaharning boshqa joyidan yangi zamonaviy tipdagi dehqon va alohida buyum bozorlari qurilishi lozimligi ta’kidlangandi. Haqiqatan ham bozor buzilib, yangilari qurildi.
Prezidentimizning 2018 yil 2 avgustdagi qarori qabul qilingach, Guliston shahar hokimi To‘lqin Dadaboyev bizga eski bozor o‘rnida Guliston shahrida “Guliston Business City” biznes markazini qurishni taklif qildi. Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev Davlatimiz rahbarining qarori asosida quriladigan yirik loyihani amalga oshirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu borada barcha zarur yordamni berishga tayyorligini aytdi. Shundan so‘ng, ushbu loyihani amalga oshirish g‘oyasi paydo bo‘ldi.
Shahar hokimi To‘lqin Dadaboyevga mamlakatimiz Prezidentining qarori ijrosi doirasida “Guliston Business City” loyihasini tez orada qurilishni boshlash uchun barcha choralarni ko‘rayotgani uchun alohida minnatdorchilik bildirgan bo‘lardik.
– “Guliston Business City” loyihasi Guliston shahrining aynan qayeridan o‘rin olishiga oydinlik kiritsangiz. Ushbu loyihada o‘zi qanday ob’ektlar quriladi?
– “Guliston Business City” biznes markazi Guliston shahrida joylashgan bo‘lib, loyihaning umumiy maydoni 70 gektarni tashkil etadi. Biznes markazining asosiy qismi eski, ya’ni buzilgan bozor o‘rnida quriladi. Uning tarkibiga eng zamonaviy jahon andozalariga javob bera oladigan ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy ob’ektlar – jumladan maktablar, muzeylar, sport va tibbiyot markazlari, banklar, to‘rt yulduzli mehmonxonalar, davlat idoralari, ofislar, turar joy va xizmat ko‘rsatish markazlari, ko‘ngilochar muassasalar, istirohat bog‘lari va kinoteatrlar kiritilgan va shu ob’ektlarni qurish rejalashtirilgan.
– Siz biznes markazining asosiy qismi vayron bo‘lgan eski kolxoz bozori o‘rnida qurilishi haqida aytayapsiz. Ammo u yerdagi asosiy kanalizatsiya tarmog‘i jahon miqyosidagi bunday yirik loyiha talablariga javob bera olarmikan?
– Afsuski, siz haqsiz. U yerdagi asosiy kommunikatsiya tarmog‘i jahon standartidagi bunday loyihani amalga oshirish talablariga javob bermaydi. Texnik sharoitlarni ta’minlash uchun magistral kanalizatsiya tarmog‘ini qurishni 2020 yilning 1 dekabridan boshlash rejalashtirilgan edi. Shu sababli, birinchi navbatda, biz asosiy aloqa tarmoqlari tizimi – suv ta’minoti, kanalizatsiya, elektr energiyasi, gaz va internetni ishga tushirishni nazarda tutayapmiz. Bu juda katta loyiha. Shu sababdan biz xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz. Va ular, shubhasiz, avvalo muloqotga alohida e’tibor berishadi. Xorijiy investorlarni jalb qilish uchun biz barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishimiz kerak.
– Xorijiy investorlarni jalb qilish borasida “Guliston Business City” DUK rahbariyati qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
– Shahrimizga ilgari tashrif buyurgan yirik xorijiy investorlar allaqachon bizning loyihamizga qiziqish bildirishayotganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Ular bilan muzokaralar olib bordik va ularning ushbu loyihada ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildik. “Murad Building”, “Dantes Construction” hamda “BI Group” kabi yirik kampaniya vakillari bilan uchrashganimizda, ular bir qator masalalarni, shu jumladan, asosan, komunikatsiya va aloqa tarmoqlarini va mavjud eski binolarni buzish bilan bog‘liq muammolar va boshqa masalalarni ko‘tarishdi. Barcha savollariga qoniqarli javoblar olib, o‘zlarining hisob-kitoblarini olib, bunday foydali loyihada ishtirok etish to‘g‘risida imkon qadar tez orada qaror qabul qilishlarini aytishdi.
– Davlatimiz rahbarining “BUSINESS CITY” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish haqidagi qarori ijrosi doirasida qanday muammolarga duch kelayapsiz? Shular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Asosiy muammo – noqonuniy savdo olib borayotgan olib-sotarlarning buzilgan bozor o‘rnidagi faoliyatini davom ettirayotganida. Ularga nisbatan “olib-sotar” jumlasidan boshqasini ishlatish noo‘rin, deb o‘ylayman.
Tadbirkor yoki ishbilarmon – mahsulot ishlab chiqaradi, ish o‘rni yaratadi. Ularchi, shahrimizdagi norasmiy “optovoy Qo‘qon bozori” yoki Toshkentdagi bozorlardan mahsulotni arzonroq narxda olib, bu yerga olib kelib, ustiga qo‘yib sotadi. Axir bu yer – kelajakdagi rivojlanish hududi, bu yerda qurilish amalga oshirilishi kerak, shularning bari xalqimiz va uning kelajagi uchunku, degan o‘y-fikr ularni aslo qiziqtirmaydi. Ularning aksariyati qo‘shni viloyatlardan kelib, bu yerga “in” qurib olgan “mehmonlar” ekanini ham qo‘shib o‘tgan bo‘lardim.
5-10 nafar olib-sotar xalq bo‘la olmaydi, ularning noroziligi xalqning noroziligi degani emas va ular xalq nomidan, ayniqsa gulistonliklar nomidan fikr bildirish huquqiga ega emas. Turli noroziliklar, hukumat uyigacha borish to‘g‘risidagi tahdidlar, xalq emas, aynan o‘sha 10-15 ta olib-sotarlar tomonidan bo‘layapti. Natijada mahalliy hokimiyat idoralari vaziyatni chigallashtirmaslik uchun qurilish ishlarini vaqtincha, noma’lum muddatga to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Haqiqiy gulistonlik, sirdaryolikman degan kishi bu loyihani amalga oshirilishiga aslo qarshi chiqmaydi va aksincha 100 foiz qo‘shilib, qo‘llab-quvvatlaydi. Har qanday to‘siqlarga qaramay, “Guliston Business City” qurilishi amalga oshiriladi. Buni men sizga ishonch bilan ayta olaman va bunga imonim komil.
Guliston shahar hokimi 2020 yil 30 noyabr kuni buzilgan bozorga eltuvchi avtomobillar harakatlanishini vaqtincha to‘xtatish, u yerda “Guliston Business City” markazi qurilishi uchun kommunikatsiya, kanalizatsiya va aloqa tarmoqlarini o‘tkazish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida 452-sonli qarorini imzoladi. Ammo bu qarorning ijrosi boshlandiyu, to‘xtab qoldi.
Buning sababi nimada? Biz shu savolimizga javob olish maqsadida “Guliston Business City” loyihasi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan joy buzilib allaqachon vayrona va chiqindixonaga aylangan sobiq kolxoz bozori hududida bo‘ldik.
Bu yerda sotilmayotgan buyumning o‘zi yo‘q, deyish mumkin. Angishonadan tortib, ignagacha topish mumkin. Bu yerda oziq-ovqat, madaniy, maishiy, sanoat mahsulotlari va iste’mol tovarlari, xullas barcha-barchasi noqonuniy savdosi amalga oshirilmoqda.
Eng qizig‘i, ushbu noqonuniy savdoni amalga oshiradiganlarning deyarli 80-85 foizi hech qanday hujjatlarga ega emas. Sotuvchilarning aksariyatida sanitariya guvohnomasi yo‘q. Ko‘cha savdosini o‘tkazish huquqiga patent to‘lamagan, qo‘shimcha daromadi uchun soliq to‘lagani to‘g‘risida kvitansiyasi ham mavjud emas. Egallab olgan chakana savdo maydoni uchun ijara haqi to‘lamaydi. Sotayotgan mahsulotlarining sertifikati, sifatini kafolatlaydigan hujjatining o‘zi bo‘lgan emas.
Ushbu mahsulotlarni shu “sotuvchilar” bo‘shab yotgan “Yangi dehqon bozori”, “Yangi buyum bozori”, “Do‘stlik qo‘rg‘oni bozori”, “3-mavzedagi bozor”larda va boshqa yirik savdo-sotiq bozorlarida amalga oshirishlari mumkin. Lekin unday qilishmaydi.Chunki u yerda ijara haqi, soliq to‘lash lozim, chek xarid qilishi, oziq-ovqat bo‘lsa shahar sanitariya osoyishtalik markazidan ruxsatnoma, buyum bo‘lsa sifat kafolati, sotuvchi uchun sanitar daftarchasi, xullas anchagina hujjatlar talab etiladi.
Bu kim uchun foydali? Avvalo mijozlar uchun, ya’ni xalq va uning salomatligi uchun, nogironlar nafaqasi, pensiya va umuman byudjet uchun foydali.
Ammo olib-sotar uchun bunday savdo naf keltirmaydi. Ularga allaqachon chiqindixonaga aylangan, buzilib vayron bo‘lgan, ko‘chada bo‘lsada sobiq bozordagi savdo maqul.Chunki undaylar, “Ha!” derga hojasi, “Qo‘y!” derga xo‘jasi yo‘q, mana shunday joylarni xush ko‘rishadi.
Bolta kelguncha, kunda dam olibdi, deganlaridek, chini bilan “so‘ra-so‘ra”gacha, u yoqdan, bu yoqdan turib, xalq nomidan norozilik bildirib, 5-6 so‘m foydamni qilib olay, keyin bir gap bo‘lar qabilida ish tutishadi Mabodo rasmiy idora vakillari kelib, savdoga ruxsat etiluvchi yoki shunga o‘xshash boshqa rasmiy hujjatlarni surishtirib boshlasa, sichqonning ini ming tanga bo‘lib ketishi shubhasiz.Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga mutlaqo zid emasmi?
Tabiiyki, yuqoridagi mezonlarga muvofiq sotiladigan tovarlar arzon narxlarda sotilmoqda. Chunki oladigan “optovoy” bozorda sifati kafolatlanmagan mahsulotni hech qanday hujjat so‘ramay sotib olganidan keyin arzonga oladida va tabiiyki, sotilishi ham arzon bo‘ladi. Shu sababdan aholining asosiy qismi savdosini shu yerdan amalga oshirmoqda. Lekin bu mahsuloilarni chiqindixonadan, sifati kafolatlanmagan, sanitariya-gigena talablariga mutlaqo javob bermaydigan holatda sotib olishi bilan bir qator kasalliklarni ham qo‘shib olayotganlarini fuqarolarimiz nahotki bilishmasa?
Mahalliy hokimiyat vakillari rahbarligida mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan buni tartibga solishi, eski, buzilgan bozor hududida savdo qilayotgan qonunga bo‘ysunadigan sotuvchi va xaridorlar o‘rtasida ham tushuntirish ishlarini olib borishi, hech qanday hujjati bo‘lmagan sotuvchilarning savdosiga chek qo‘yish va fuqarolarimiz chiqindixonadan mahsulotga qo‘shib, turli kasalliklarni ham sotib olishini to‘xtatish lozim va shart.
A.QAYUMOV, O‘zA