So‘nggi 27 yil davomida Guliston shahrida aholi turmush darajasi va shahar sanitariya holatiga hamda ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan oqova suv muammosi nihoyat o‘z yechimini topdi.
Ushbu masala davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori, tashabbusi va ko‘magi bilan amalga oshirildi. Islom taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 7 million 277 ming AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy mablag‘ hisobiga Sirdaryo viloyatining Yangiyer va Shirin shaharlarida barpo etilgan zamonaviy oqova suv tozalash inshootlari qatorida, Guliston shahrida ham xalqaro standartlarga javob beradigan, yuqori texnologik imkoniyatlarga ega bo‘lgan oqova suvni tozalash majmuasi qurib bitkazildi.

Mazkur loyiha "Sirdaryo suv ta’minoti" aksiyadorlik jamiyati buyurtmasi asosida amalga oshirildi. Qurilish ishlarini "Kogon neft-gaz energo servis" MCHJ mutaxassislari yuqori sifat va sinovlar asosida bajardi. Yangi inshootning ishga tushishi bilan shaharning infratuzilmaviy muammolaridan yana biri bartaraf etildi.
Loyiha doirasida faqatgina tozalash inshooti qurilib qolmasdan, balki Guliston shahridagi eskirgan va texnologiya talablariga javob bermaydigan oqova suv tarmoqlari ham to‘liq yangilandi. Jumladan, umumiy uzunligi 68,6 kilometrni tashkil etuvchi zamonaviy tarmoqlar bunyod etildi. Shuningdek, yangi inshoot bir kunda 25 ming kub metrgacha oqova suvni tozalash va qayta ishlash imkoniyatiga ega zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlandi.

Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mazkur inshootda bo‘lib, amalga oshirilgan qurilish va texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi. U yerdagi laboratoriyalar hamda zamonaviy asbob-uskunalarning texnik imkoniyatlarini o‘rganib, oqova suvning ifloslanish darajasini aniqlash jarayonini kuzatdi.
Tashrif yakunida mas’ul idora va tashkilotlarga shahar aholisining oqova suv tarmoqlariga to‘liq ulanishini ta’minlash, ayniqsa 3 788 ta xonadonni markazlashgan tarmoqqa ulash ishlarini sifatli va tezkor amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ushbu yirik infratuzilmaviy loyiha nafaqat shahar sanitariya holatini yaxshilashga, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganligini ko‘rsatadi.Eng muhimi, bu boradagi bunyodkorlik ishlaridan nafaqat shahar aholisi, balki Sirdaryo viloyatiga tashrif buyuruvchi mehmonlar ham xursand bo‘lishmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri