Yangi mavsum ostonasida har bir jamoa oldida bitta asosiy savol tug‘iladi. “Biz faqat ishtirok etamizmi yoki natija uchun kurashamizmi?” Guliston shahrida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilish aynan shu savolga xolis va asosli javob izlashga qaratildi.
Viloyat sport boshqarmasi, Futbol assotsiatsiyasi, “Guliston” futbol klubi hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etgan muloqotda jamoaning yangi mavsumga tayyorgarlik holati, yaqin rejalari va uzoqni ko‘zlagan maqsadlari atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda klub rahbariyati va murabbiylar shtabi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, futbolchilarning jamoaviy va individual tayyorgarligi, jismoniy holati va taktik salohiyati atroflicha tahlil qilindi. Murabbiylar tomonidan 2026 yilgi mavsumda Birinchi ligada samarali ishtirok etish va Proliga yo‘llanmasi uchun kurash olib borish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi. Bu qaror jamoaning faqat qisqa muddatli natija emas, balki barqaror rivojlanishni ko‘zlayotganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda klub tarkibini shakllantirish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. OKMK, “Metallurg”, “Xorazm”, “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Mash’al” kabi professional jamoalarda to‘p surayotgan sirdaryolik tajribali futbolchilar hamda mahalliy yosh iqtidorlar ko‘rikdan o‘tmoqda. Bu yondashuv jamoaga tajriba va yoshlik uyg‘unligini olib kirib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilishi shubhasiz. Yosh futbolchilar uchun esa bu katta futbolga qadam qo‘yish, o‘z imkoniyatlarini namoyon etish uchun muhim sinov hisoblanadi.

Yig‘ilish yakunidan so‘ng “Guliston” professional futbol klubi o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini rasman boshladi. Mashg‘ulotlar mahalliy mutaxassis Abbos Ergashev boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan yuqori saviyada tashkil etildi. Yordamchi murabbiy sifatida xalqaro tajribaga ega Abbosbek Mahstaliyevning jalb etilgani jamoa tayyorgarligiga yangi qarash va talab olib kirdi. Shuningdek, sobiq professional futbolchi Zafar Qoraqulovning shtabdagi ishtiroki jamoa uchun amaliy tajriba va ruhiy tayanch vazifasini bajarmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida futbolchilarning jismoniy holati, texnik-taktik harakatlari va jamoaviy o‘yinni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Murabbiylar har bir futbolchining imkoniyatlarini sinchiklab o‘rganib, mavsum oldidan eng maqbul tarkibni shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Ma’lum qilinishicha, yig‘in davomida mashg‘ulotlar kuniga ikki mahaldan o‘tkazilib, dekabr oyi oxiriga qadar bir qator nazorat uchrashuvlari ham rejalashtirilgan. Bu bahslar orqali jamoaning haqiqiy tayyorgarlik darajasi aniqlanadi.

Xulosa qilib aytganda, “Guliston” klubi yangi mavsumga befarq yoki shoshma-shosharlik bilan kirib kelmayapti. Aniq maqsad, puxta reja, intizomli mashg‘ulot va tajribali murabbiylar shtabi jamoaning asosiy tayanchiga aylanmoqda. Albatta, barcha savollarga yakuniy javobni maydon beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri