Gulchilikda xitoy uslubi qo‘llanadi
Farg‘ona viloyatida gulchilik azaldan rivojlangan soha edi. Masalan, Quvada o‘nlab gektar maydon va butun boshli bir mahalla aholisi tomorqasida gulchilik bilan shug‘ullanadi. Bag‘dod tumanida esa issiqxonada gul yetishtirish, gul urug‘chiligi tashkil etilgan.
Bugun Farg‘ona viloyati ko‘cha bo‘ylarini turfa xil gullar bezab turganini ko‘rasiz. Ammo bu hali ehtiyojga mutanosib emas. Shuning uchun bu sohaga ham xorijiy investorlar jalb etilmoqda.



Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investor Szyan Syuebo bilan uchrashuv chog‘ida Farg‘ona tumanida gullar plantatsiyasi va agroturizmni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qildi.


"Shandong Haosen Flowers and Trees Co., Ltd" kompaniyasi gulchilik sohasida katta tajribaga ega bo‘lib, u Farg‘ona viloyatida gulchilik sohasiga investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Endi gullar plantatsiyasi issiqxona va ochiq maydonlarda xitoy uslubida tashkil etiladi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat), O‘zA