Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulchilik ortidan daromad va farovonlik
19:25 / 2025-10-05

Oilalardagi farovonlik, sog‘lom muhit, bugungi kundan rozilik kayfiyati bevosita mahallalar obodligi va rivojiga bog‘liq. Bunda har bir oilaning bandligi hamda daromad manbaiga ega bo‘lishi taraqqiyot va turmush tarzi barqarorligiga zamin yaratadi.

Bu borada Namanganda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan shahar, tuman hokimliklari hamda boshqa davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi barqaror bandlikni ta’minlash, yuqori daromad olish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda muayyan natijalar omili bo‘lmoqda.

Namangan tumanidagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida jami 558 xonadondagi 1010 oilalar 3 ming 675 aholi istiqomat qilib, joriy yil avvaliga ko‘ra, iqtisodiy faol aholi soni 2 ming 110, shundan 1 ming 620 nafarining bandligi ta’minlangan. Buning natijasida kambag‘al oilalar 22 ta va ishsizlar soni 22 nafarni tashkil etmoqda. 

E’tirof etish joiz, gullar diyori Namanganda go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, ehtirom ramzi sanalgan gullarga alohida mehr qo‘yilgan. Ayniqsa, har yili an’anaviy ravishda o‘tkazilib kelinadigan Xalqaro gullar festivali millionlab nafosat shaydolarini o‘ziga rom etmoqda. 

Keyingi yillarda viloyatda gulchilikni sanoat darajasiga olib chiqish borasida keng ko‘lamli amaliy ishlar qilinmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2021 yil 4 avgustdagi “Respublika hududlarida gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori tarmoq rivojida yangi burilish yasadi. 

Namangan tumanining gulchilik “drayver”ga aylangan hududi Navro‘z mahallasida 52 foiz xonadon gulchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, har bir xonadonning yillik daromadi o‘rtacha 120-130 million so‘mni tashkil etadi. E’tiborlisi shundaki, bundan uch yil avval istiqbolli navlarni ko‘paytirish, xorijdan keltirilgan ko‘chatlarni mahalliylashtirish orqali yangi navlar yaratishga yo‘naltirish maqsadida “Gulchilik klasteri” tashkil etildi.

“Husanboy firdavs gullari klasteri” ishlab chiqarish kooperativi rahbari Oybek Nuriddinov tomonidan 70 sotix yer maydonida 6,8 milliard so‘m mablag‘ hisobiga barpo qilingan ushbu klaster majmuada gul do‘koni va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etiladi. Bu esa xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bilan bir qatorda, hudud aholisining bandligini ta’minlashga zamin yaratadi. 

Qolaversa, issiqxonalarda mehr bilan parvarishlanayotgan dekorativ gullar ko‘cha va xiyobonlarni obodonlashtirishda qulay va samarali usul ekanligini ta’kidlash joiz. Aholi xonadonlarida gullar parvarishi bilan bir qatorda yangi gul urug‘larini ham yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Muhimi, gulchilik klasterining o‘zida yigirma kishi, kooperatsiya asosida esa uch yuzdan ziyod kishining bandligi ta’minlanmoqda.

– Inson ruhiyatida nozik qirralar ko‘p bo‘ladi. Jumladan go‘zallikka, nafosatga bo‘lgan tuyg‘u alohida ajralib turadi. Ayniqsa, gul parvarishiga, unga bo‘lgan mehr qalban shakllangan bo‘lsa, u insonda hayotga quvonch bilan boqish ham shakllangan bo‘ladi. Mahallamizning har bir xonadonida nafosat va go‘zallik iforidan bahramand bo‘lish mumkin. Bizning “Gulbahor” ko‘chasida joylashgan hovlimizda yetti kishi gulchilik bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari chorvachilikka ham qiziqib, qo‘y ham boqamiz. Klaster bilan kelishuvga asosan uyimizdagi issiqxonada yetishtirilgan turfa gul navlarini o‘z vaqtida yetkazib beramiz. Yil davomida 130 million so‘mgacha sof daromad topgan bo‘lsak, shundan 60 million so‘mi gulchilikni orqasidan, – deydi havaskor gulchi Nuriddin Nizomov.

Tadbirkor gulchi Oybek Nuriddinovning qayd etishicha, klaster kooperatsiya asosida ish olib borayotgan xonadon a’zolarini gulchilik borasidagi ko‘nikmalari mahalla guzaridagi o‘quv markazida shakllantirib boriladi. Nafaqat Navro‘z, balki qo‘shni Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi mahallalarda ham gulchilikka qiziqqan fuqarolar ishga jalb etilgan. Ilgarilari faqat yozgi mavsumda ishlangan, sharoitlar haminqadar bo‘lgandi.Endilikda esa gulchilarga bo‘lgan e’tibor va imkoniyatlar tufayli qahraton qish faslida ham xonadonlar gullarga burkanmoqda. Bu yerda gul navlarini ko‘paytirish ustida innovatsion yondashuv asosida ish tashkil etilmoqda. Xususan, xorijdan olib kelingan noyob gul ko‘chatlari mahalliylashtiriladi. Buning natijasi, o‘n yilcha oldin qimmat narxlarda sotilgan gul turlari endilikda aholiga arzon narxlarda yetkazilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.