Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Rus qishlog‘ida joylashgan “Ibrohimov Shamsiddin” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy yilda tarmoqni yanada kengaytirib, gul yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ydi.
Erta bahorda vodiy viloyatlaridan “Globus” nomli gul ko‘chatlarini keltirib, xo‘jalikning 70 sotix maydoniga ekishdi. Kerakli agrotexnik tadbirlar vodiylik dehqonlar tavsiyasi asosida amalga oshirildi. Natija esa kutilgandan ham a’lo bo‘ldi.
Ayni kunlarga kelib, 15 mingga yaqin gul ko‘chatlari ekish uchun tayyor holga keltirilgan.
– Bu gul ko‘chatlarini joriy yilning may oyida ekkanmiz, – deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Hamroqul Tursunov. – Besh xil rangi bor. Ushbu gul sovuqqa chidamli bo‘lib, ko‘p yillik hisoblanadi. Qattiq sovuq tushguncha mana shunday yorqin bo‘lib ochilib turadi. Sovuq urgach, gulini tashlaydi. Keyingi yil bahorda yana rivojlanib ketaveradi va yil bo‘yi sizga ajoyib kayfiyat bag‘ishlab turadi.
Hozirda tayyor bo‘lgan gul ko‘chatlarini tashkilot va idoralar hatto xonadonlar uchun ham xarid qilinmoqda.
[gallery-19974]
Xo‘jalik a’zolarining ta’kidlashicha, kelgusida ushbu tarmoqni yanada kengaytirish mo‘ljallanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari