French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulbahor Tojimirzayeva: “Biz bir-birimizga raqib emasmiz, balki hamkasblarmiz”
12:10 / 2026-01-12

Bugungi kunda metallurgiya sohasi mamlakat sanoatini rivojlantirish, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda strategik ahamiyat kasb etmoqda. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohadagi korxonalar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalarni birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish va yagona pozitsiyani shakllantirishga qaratilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada “O‘zbekiston metallurgiyasi” uyushmasi faoliyatining o‘rni beqiyos. Uyushma rahbari Gulbahor Tojimirzayeva bu haqda quyidagilarni ta’kidladi:

– Har bir sohada sarhisob muhim. Shu bois, biz ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalarni keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qildik.  

Kuni kecha tashkil etilgan tadbirda 2025 yil davomida uyushma tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildik. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Biz ushbu hamkorlik doirasida birgalikda katta natijalarga erishishni maqsad qilganmiz.

Bugungi kunda “O‘zbekiston metallurgiyasi” uyushmasi metallurgiya va unga yaqin sohalarda faoliyat yuritayotgan po‘lat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalarni birlashtiradi. Uyushma biznes ishtirokchilarining manfaatlarini faol ilgari suradi, sanoat korxonalari va davlat organlari o‘rtasida muloqot maydoni vazifasini bajaradi hamda tarmoqni rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, uyushma faoliyatida xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025 yilda Xitoy po‘lat uyushmasi, Eron po‘lat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi hamda “RUSLOM.KOM” uyushmasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar tajriba almashish, ilg‘or jahon amaliyotlarini joriy etish va kooperatsiyani kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Ahamiyatlisi, uyushmani tuzish g‘oyasi ilk bor 2022 yilda ilgari surilgan bo‘lib, mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va bu g‘oya yagona professional tarmoq platformasini shakllantirishga asos bo‘lgan.

2025 yil uyushma faoliyatida shakllanish va amaliy ishga o‘tishda muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur davrdan boshlab tashkilot metallurgiya sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalarni birlashtirdi, biznesning konsolidatsiyalashgan pozitsiyasini shakllantirdi va davlat organlari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Uyushma tomonidan vazirliklar va idoralar bilan barqaror muloqot tizimi shakllantirildi. Mahsulot sifati, ishlab chiqarish samaradorligi, texnologik yangilanishlar va bozorni rivojlantirish bilan bog‘liq strategik masalalar muhokamasida faol ishtirok etildi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajriba va texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tashkilotimizning oldiga qo‘ygan asosiy maqsadi uyushmani formal tuzilma sifatida emas, balki o‘zbek metallurgiyasining raqobatbardoshligini oshirish, sohani barqaror rivojlantirishga xizmat qiluvchi samarali mexanizmga aylantirishdir.

Shu ma’noda aytish kerakki, biz bir-birimizga raqib emasmiz, balki hamkasblarmiz. O‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqaligina metallurgiya sohasini izchil rivojlantira olamiz. Professional muloqot va hamkorlikka tayangan holda, uyushma metallurgiya tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta’minlaydi va a’zolar uchun hamkorlik, netvorking hamda rivojlanish platformasiga aylanadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva

yozib oldi.