Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gulbahor Mamatqulova: mukofot mas’uliyat hamdir (+video)
18:03 / 2026-03-04

Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumda bugungi kunda 450 nafar o‘quvchiga pedagog va ustalar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. O‘tgan yili maxsus texnikum bitiruvchilardan 27 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, 17 nafari davlat tashkilotlariga ishga joylashdi.

Jamoada barcha “ustoz” deya hurmat ko‘rsatadigan bir inson bor. U o‘zining kasbiy mahorati, insoniy fazilatlari bilan barchaning qalbidan joy egallagan, kasb-hunar ta’limi tizimida  ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan ishlab chiqarish ta’limi ustasi Gulbahor Mamatqulova. Ustoz butun umrini Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumda kasb-hunar ta’limiga  bag‘ishladi. Mana, 42 yildirki, o‘quvchilarga poyabzal ishlab chiqarish texnologiyasi bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini o‘rgatib, jamoada o‘rnak bo‘lib kelmoqda. U ta’lim-tarbiya jarayonida innovatsion usullar, yangi pedagogik texnologiyani tadbiq etish bilan birga  “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirmoqda. Yosh mutaxassislarga o‘z fani bo‘yicha bilim va malakalarni o‘rgatib, jamoa orasida katta hurmat topgan.

Bugun viloyatdagi qator korxonalarda opa kasb-hunar o‘rgatgan shogirdlari mehnat qilmoqda.

– Ularni ishga joylashtirganimdan, korxonalarga borib ishlashayotganidan faxrlanman. Mana shu ustoz meni o‘qitgan deb, meni el-xalqqa tanishtirganida quvonamiz, – deydi Gulbahor Mamatqulova. – Bu albatta ekkan daraxtlarimizning mevalaridir.  

Ustozning shogirdlari – “Tikuvchilik” va “Raqamli axborotlarni qayta ishlash” yo‘nalishlari o‘quvchilari 2025-yilda Respublika olimpiadasida 1-o‘rin sohibi bo‘lgan.

– Gulbahor Mamatqulova ijodkor, o‘z ustida tinmasdan ishlaydigan, ortidan shogirdlarini yetaklay oladigan, mamlakat miqyosida ham sohasining namunali vakilasi, – deydi Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikum direktori Ozodaxon Rahmonova. – Jamoada juda katta hurmatga ega. Hamkasblariga hamsha yordamini ayamaydi. O‘ta samimiy inson.

Ta’limni ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida Gulbahor Mamatqulovaning bevosita tashabbuskorligi ortidan “UZSALAMAN” AJ korxonasi bilan hamkorlik shartnomasi tuzildi. “Poyabzal ishi” yo‘nalishi o‘quvchilari endi amaliyotlarini shu ishlab chiqarish korxonasida olib borishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Gulbahorxon Mamatqulova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– Bu berilgan mukofot bundan ham yaxshiroq ishlashga, bolalarga yanada mustahkamroq bilim berishga undaydi. Ularni hayotga tayyor qilib tarbiyalashga harakat qilaman deydi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KD6eirTqfZ0" title="Gulbahor Mamatqulova: mukofot mas’uliyat hamdir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA