Munosabat
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi keng shodiyona qilinmoqda. Ayni ulug‘ bayram oldidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘zining amaliy faoliyati bilan xalqimizning intellektual salohiyati va ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Ular orasida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri solist-vokalisti, iste’dodli aktrisa Gulasal Rahmonova ham bor. U “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Gulasal Rahmonova O‘zA muxbiriga bergan intervyusida har bir jabhadagi islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan quvonishini, ushbu mukofot unga yanada mas’uliyat yuklashini bildirdi:
– Avvalo, Mustaqilligimizning 34 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin! Shunday ulug‘ bayram arafasida yurtboshimiz bir qator soha vakillarini mukofotladilar. Jumladan, men ham “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu men uchun cheksiz quvonch va ishonch bo‘ldi.
Bugungi kunda yurtimizda har sohada, har bir jabhada yaratilayotgan imkoniyatlar bizni faqat quvontiradi. Ayniqsa, san’at va madaniyatga qaratilayotgan e’tibor bizni yanada dadil va shijoatli bo‘lishga undaydi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi” degan chaqiriqlaridan san’atning jamiyat hayotidagi o‘rni nechog‘lik muhim ekanini yana bir bor anglash mumkin.
Bunday harakatlar bizni olg‘a qadam tashlab, oyog‘imizda mustahkam turib ijod qilishga undaydi.
Mukofotlanganimni eshitganimda bir tadbirda – kuy-qo‘shiq avjida, shovqin joyda edim. Telefon bo‘ldi, sal chetroqqa o‘tib eshitaman desam, “Gulasal Rahmonova, mukofotlar muborak bo‘lsin”, deyishdi. Birpas nimani eshitganimni anglolmay qoldim. Atrofdagi shovqin davom etayotgan bo‘lsada, lekin mening qulog‘imga mayin suv shildirashi, yengil shamol nafasi eshitila boshladi. O‘zim esa osmonda bulutlar orasida edim – bir necha daqiqa men shunday holga tushib qoldim. Keyin biroz o‘zimga kelib, bu xushxabardan shunday quvondimki, qanday ta’riflab aytishni, yozishni bilolmayman. Men kabi bir qator yurtdoshlarimizga ana shunday quvonchni hadya etgan yurtboshimizga minnatdorlik bildiraman.
Bundan buyog‘iga ijodda, faoliyatda, teatrdagi faoliyatimda yanada mas’uliyat bilan, yanada serg‘ayrat va shijoatli bo‘lib ishlashga harakat qilaman. Chunki tinch va osoyishta yurtimizda, biz ijodkorlar, san’at va madaniyat vakillari uchun yaratilgan keng sharoitlarda faqat xalqimizga xizmat qilish, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo‘shish yarashadi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova yozib oldi.