Sayxunobod — Sirdaryo viloyatining obod va barqaror rivojlanayotgan tumanlaridan biri. Bu yurtda inson qadri, oila farovonligi va mehnatga bo‘lgan munosabat doimo ustuvor ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil tumanda amalga oshirgan tashrifi esa aholi hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu safardan so‘ng ko‘plab oilalarda faollik, tashabbuskorlik va eng muhimi — kelajakka bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi.
Bu ishonch bugun o‘z ifodasini turli sohalardagi yangilanishlarda, ayniqsa, tomorqachilik va gulchilikni tadbirkorlik faoliyatiga aylantirishda yaqqol namoyon etmoqda. Xotin-qizlarning bu boradagi tashabbuslari, jasorati va bilimga tayanayotgan harakatlari alohida e’tirofga loyiq.

Tumanning Gulbuloq mahalasida yashovchi Dilfuza Todjiboyeva uchun Prezident tashrifi tom ma’noda o‘zgarishlar manbai bo‘ldi. Ilgari u kelin bo‘lib tushgan xonadon tomorqasida oddiy kartoshka va sabzavotlar yetishtirish bilan kifoyalangan. Bugun esa na faqat u, balki turmush o‘rtog‘i Dilmurod Todjiboyev ham tadbirkor. Ular mehnat va tajriba orqali nafaqat oilasini moddiy jihatdan ta’minlamoqda, balki kelajagi uchun rejalar tuzayotgan baxtli oilalardan biriga aylandi.

– Prezidentimizning tashrifi ortidan bizda ham katta orzular, katta rejalar paydo bo‘ldi, – deydi Dilfuza Todjiboyeva. – Xonadonimizdagi 10 sotix tomorqadan samarali foydalanish maqsadida tijorat banki orqali 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, 7 sotix yerda issiqxona qurdik. Unga jahon gullari qatoriga kiruvchi Xrizantema va Alstroemeriya (Peru nilufari) ni ekib, buket gullar yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik.

Dilfuza va turmush o‘rtog‘i ushbu faoliyatni boshlashda Toshkent viloyatidagi gulchilik xo‘jaliklarida to‘rt yil mobaynida mehnat qilib ortirgan tajribasidan samarali foydalandi. Ilgari ishchi sifatida faoliyat yuritgan juftlik bugun o‘z tomorqasida mustaqil tadbirkor sifatida ish olib bormoqda.
– Gul yetishtirish oson ish emas, – deydi u. – Bu ish muntazam parvarish, agrotexnik talablarga rioya qilish, suv va haroratni nazorat qilish, zararkunandalarga qarshi samarali kurash olib borishni talab qiladi. Mehnat va mas’uliyatsiz natijaga erishib bo‘lmaydi.

Albatta, ishni boshlashda qiyinchiliklar bo‘ldi. Ayniqsa, moliyaviy ta’minot, bozorda o‘z o‘rnini topish va mijozlarni jalb etish kabi masalalarda. Bu borada tuman Savdo-sanoat palatasi, mahalla faollari va tuman hokimiyati ko‘magi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Natijada issiqxonadan olinayotgan daromad orqali kredit to‘liq qaytarildi va yangi issiqxona qurish rejasi shakllandi.
– Ilgari tomorqamiz bo‘lsa-da, undan samarali foydalanmas ekanmiz, – deydi Dilfuzaning qaynonasi Zamira Todjiboyeva. – Endi esa yer — beqiyos boylik ekanini, undan to‘g‘ri foydalanish orqali oila farovonligini ta’minlash mumkinligini anglab yetdik. Gulchilik nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham taraqqiyot olib keldi. Eng muhimi — o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortdi. Qizim Shohista, hatto o‘zim ham ishli bo‘ldim. Bo‘sh vaqt qayerda deysiz, oilaviy gulchilik bilan bandmiz.
Quvonarlisi, gulchilik natijasida uy ta’mirlandi, zamonaviy maishiy texnika xarid qilindi, farzandlar sifatli ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu — bir oilaning emas, balki butun jamiyatning yangilanish ramziga aylangan holatdir.
Dilfuza va turmush o‘rtog‘ining bu yutug‘i boshqalarga ham ibrat bo‘ldi. Nurobod mahalasida yashovchi sport murabbiyi Yulduzxon Xoshimjonova ham ushbu tajribadan ilhomlanib, ota xonadonida 8 sotixli issiqxona barpo etdi.
– Dilfuza opaning faoliyati haqida eshitib, men ham gulchilikka qiziqish bildirdim, – deydi Yulduzxon. – Tuman Savdo-sanoat palatasi rahbari Shoira Shamatova va tuman hokimi Komiljon Mullajonovning maslahatlari asosida ishni boshladim. Hozircha gullar yaxshi yetilmagan, ammo kelgusi mavsumdan daromad kutayapman. Shunday bo‘lsa-da, kech kuzda ekilgan bodiring va pomidordan kutilganidan ko‘proq hosil oldik. Daromad ham shunga yarasha bo‘ldi.
Bugungi kunda Sayhunobod tumanida issiqxona va ochiq yerlarda gul parvarishlayotgan oilalar soni ortib bormoqda. Bu soha nafaqat iqtisodiy samara, balki estetik tarbiya, ruhiy qoniqish va hayotda go‘zallikka intilish kabi qadriyatlarni shakllantirmoqda. Axir har bir gul — mehr, umid va ezgulik timsolidir.
Bu gullar tuman markazidagi gul do‘konlari, Baxt va Guliston shaharlaridagi tantanali marosimlar, xonadonlar va tadbirlarni bezab turibdi. Bu orqali mehnatkash ayollarning yuksak mas’uliyati va fidoiyligi namoyon bo‘lmoqda.
Xotin-qizlarni faol hayotga jalb etish, ularni biznesga yo‘naltirish maqsadida tumandagi kasb-hunar texnikumida Savdo-sanoat palatasi va Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida bir oylik o‘quv kurslari tashkil etildi.
– Bu kurslarda ishtirok etgan ayollar tadbirkorlik asoslari, moliyaviy boshqaruv, biznes-reja tuzish, marketing kabi yo‘nalishlarda nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi, – deydi tuman Savdo-sanoat palatasi rahbari Shoira Shamatova. – Ular, shuningdek, sanoat zonasidagi ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, tajriba to‘plash imkoniyatini ham qo‘lga kiritdi.
Ushbu chora-tadbirlar natijasida o‘zini-o‘zi band qiluvchi xotin-qizlar soni ortib, ular tomonidan barqaror daromad manbalari yaratilmoqda. Farzandlar kelajagi uchun harakat, izlanish va mehnat bugungi Sayxunobod ayollarining shioriga aylangan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri