Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Guanjouda Butunjahon media sammiti boshlandi
22:03 / 2023-12-03

Shu kunlarda butun dunyo ommaviy axborot vositalari e’tibori Xitoy Xalq Respublikasining Guanjou shahriga qaratilgan. Ikki kundirki, bu yerda “Butunjahon 5-media sammiti” bo‘lib o‘tmoqda.

Dunyoning 101 mamlakatidan tashrif buyurgan 400 dan ziyod OAV vakillari ishtirok etayotgan mazkur sammitda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

Bugun 3 dekabr kuni sammitning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining targ‘ibot masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Xu Xeping, BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming (video konferensiya orqali), mamlakatning yetakchi axborot agentligi – “Sinxua” Bosh direktori Fu Xua, Guandun provinsiyasi gubernatori Vang Veijong, shuningdek boshqa ko‘plab OAV hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.

Anjuman kun tartibiga muvofiq, “Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish” masalasi muhokama etilib, mavzuga doir atroflicha fikr almashildi, ko‘plab taklif, mulohazalar bildirildi.

Forum ishtirokchilari shu kuni 5-Jahon OAV sammiti uchun Qo‘shma bayonotni qabul qildilar.

– “Global ishonchni oshirish, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga ko‘maklashish” mavzusida keng va chuqur muhokama o‘tkazdik, – deyiladi, jumladan, mazkur hujjatda. – Ta’kidlash joiz, bugungi kunda dunyo misli ko‘rilmagan jadal o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Noaniqlik, kutilmagan omillar kuchayib, insoniyat uchun global muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois, xalqaro hamjamiyat birdamlik va hamkorlikni har qachongidan ko‘ra mustahkamlashi lozim. Ommaviy axborot vositalari dunyo, zamon va tarix tomonidan qo‘yilgan savollarga javob berish uchun aloqa ko‘prigini qurishi kerak.

Shuningdek, bayonotda jahon OAV rivojlanayotgan mamlakatlarda qashshoqlikni kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, taraqqiyotni moliyalashtirish va sanoatlashtirish kabi dolzarb talablarga ko‘proq e’tibor qaratadi rivojlanish yo‘lidagi nomutanosiblikni bartaraf etishga yordam beradi, deya ishonch bildirilgan.

Zero, axborot asrida, yangi texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir sharoitda, jahon ommaviy axborot vositalari innovatsiyalarni faol joriy etgan holda, jurnalist etikasiga amal qilishi, professional standartlarga javob berishi, zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanishi zarur. OAV obro‘-e’tibori va ishonchliligini ta’minlash uchun keng auditoriyaga faktlarga asoslangan, har tomonlama xolis yangiliklarni tarqatish, noto‘g‘ri ma’lumotlarga, mish-mish va noo‘rin qarashlarga qat’iy qarshi turish kerak.

Xalqaro sammit ishi davom etyapti.

O‘zA