Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
GSP+ to‘qimachilik korxonalari faoliyatida qanday rol o‘ynaydi? (+video)
11:46 / 2023-12-30

O‘zbekiston 2023 yilning o‘tgan davrida qiymati 2,8 mlrd. AQSH dollari miqdorida to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qildi. Bu ko‘rsatkich umumiy eksportning 12,1 foizini tashkil etgan. Yil boshidan 626 turdagi to‘qimachilik mahsulotlari dunyoning 63 ta davlatiga eksport qilingan. Buning natijasida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshgan.

Sohadagi bu kabi yutuqlarga erishishda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi jamoasining va unga a’zo bo‘lgan korxonalarning alohida xizmati bor.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot siyosati, PR va mass-media departamenti boshlig‘i Shahzoda Qo‘chqorova bilan suhbatimiz mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatining ravnaqida eksportning o‘rni masalasiga bag‘ishlandi.

– Yangi 2024 yilning kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. O‘tayotgan 2023 yildagi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni qanday baholaysiz? 

–“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi O‘zbekistondagi yetakchi tashkilotlardan biri bo‘lib, u aynan shu yo‘nalishdagi davlat siyosatini olib boradi va ushbu tarmoq rivojiga hissa qo‘shadi. Hozirgi kunda 2 mingdan ziyod korxonalar uyushmaga a’zo.

Siz ta’kidlagandek, joriy yilda 2,8 milliard AQSH dollari miqdorida to‘qimachilik mahsulotlarining eksporti ham aynan uyushmaga a’zo korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda uyushma qoshidagi korxonalarda 600 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi. Bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan gender tenglik ushbu tarmoq faoliyati keng o‘rin egallaydi. Negaki, korxonalarning 70 foizi xotin-qizlardir.

2023 yil natijalari haqida gapiradigan bo‘lsak, joriy yilning yanvar- noyabr oylarida yuqorida ta’kidlaganimiz kabi 2,8 milliard dollar to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishga erishdik. 

– Keyingi besh-olti yillarda to‘qimachilik sohasida katta islohotlar amalga oshirildi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qanday qulayliklar yaratmoqda?

– Darhaqiqat, bu davr oralig‘ida davlatimiz rahbari boshchiligida to‘qimachilik sohasiga alohida drayver yo‘nalish sifatida katta e’tibor qaratildi. Albatta, shu besh yil ichida Prezident va hukumatning 17 dan ortiq qaror va normativ hujjatlari qabul qilindi. Ular aynan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bunda, eng avvalo, eksportchi korxonalarga qulayliklar yaratildi. Deylik, o‘z mahsulotlarini eksportga olib chiqmoqchi bo‘lgan korxonalarga sertifikat va logistika xarajatlarini qoplab berish borasida imkoniyat berildi.

Yaqinda Prezidentimiz rahbarligida selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda shu sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar belgilab olindi. Jumladan, avvallari bizda paxtani qayta ishlashga ko‘proq urg‘u berilgan. Hozirgi kun islohotlari natijasida o‘zimiz yetishtirgan paxtani 100 foiz qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Shunga yarasha quvvatlar tashkil etildi. Ikkinchi bosqichda o‘zimizda qayta ishlangan paxtadan olingan kalava ipni sotish emas, balki undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan tizimni yaratayapmiz. Selektor yig‘ilishida aynan shu tadbirlarga ahamiyat qaratilgani bejiz emas. Endi bizning oldimizdagi maqsad mahsulotni tayyor holatga keltirib, bozorga qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni chiqarishdir.

– Keyingi paytda uyushma “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda. Aynan shu hamkorlik mahalliy korxonalarga nimalar beradi?

–“Yaxshi paxta tashabbusi”ni (“Better Cotton”) Xalqaro moliya korporatsiyasining to‘qimachilik sanoatiga tatbiq etish loyihasi hisoblanadi. Germaniyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti – GIZ ko‘magida “Barqaror paxta tashabbuslari” loyihalari doirasida ushbu dasturni O‘zbekistonda joriy etish boshlandi. 2017 yilda bizda “Yaxshi paxta tashabbusi”ning standartlarini joriy qilish ko‘zda tutilgan edi. 

“Yaxshi paxta tashabbusi” nima degani? Bu “Better Cotton” xalqaro nohukumat tashkiloti bo‘lib, unga bugungi kunda 25 ta davlat a’zo. O‘zbekiston 25-davlat bo‘lib qo‘shildi. Ushbu tashkilot bilan 600 dan ziyod brendlar bevosita hamkorlik qiladi. 

Xo‘sh, bu O‘zbekistonga nima beradi? Albatta, bu bizga keng imkoniyat ochib beradi, ya’ni mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta inson tanasiga, ekologiya, mehnat tamoyillariga asoslangan tarzda yetishtirishdir. Bu tashkilotning O‘zbekistonga rasman kirishi esa ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda juda katta o‘zgarishlarga erishilganidan dalolat beradi.

Dunyoda tan olingan nufuzli “Better Cotton” dasturi O‘zbekistonda bir yil oldin ish boshlagan bo‘lsa, shu davri chida o‘zining qamrovini ikki baravar oshirdi. Ya’ni, birinchi yili 6 ta fermer xo‘jalik bilan ishlagan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 12 taga yetdi. Yana bir dastlabki natija shuki, “Navbahortekstil” korxonasi ushbu dastur sertifikatini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bir kunlik mehnat emas. Bu bir necha yillik davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va korxonalarning shu yo‘nalishda olib borgan tinimsiz mehnati samarasi. Bunday hamkorlik mahalliy ishlab chiqaruvchilarning har tomonlama imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, mamlakatimizda ushbu dasturning joriy qilinishi sababli biz uchun 600 dan ziyod brend bilan hamkorlikka yo‘l ochildi.

– Joriy yilning 22 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Preferensiyalarning bosh tizimi plyus (GSP+) amaldagi muddatini kelgusi to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu O‘zbekiston, xususan, to‘qimachilik sohasida qanday imkoniyatlarni beradi? 

– GSP+ ning to‘qimachilik sanoatida qanday foyda keltirish haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu Yevropa bozoriga davlat bojini to‘lamasdan kirish imkoniyatidir. Deylik, bu yana mahalliy korxonalarimiz uchun ushbu bozorga kirishda qo‘shimcha yo‘l.

Bu borada nima ishlar qilindi, desak, avvalo, hukumat tomonidan 27 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. Bu ekologiya, gender tenglik, inson salomatligi, energetika kabi sohalar bo‘yichadir.

Avvallari GSP+ orqali har bir ishlab chiqarilgan mahsulotga asosan 3200 dan oshiq turdagi tovarlarni Yevropa bozoriga olib kirish mumkin edi. Bu jarayonda 12 foizgacha bo‘lgan davlat bojlari olinar edi. Bu O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Sababi, mahsulot ustiga yana tannarx sifatida narx qo‘shilardi. Bu raqobatbardoshlikning ham tushishiga olib kelardi. 

Birinchidan, bizda ushbu GSP+tizimi joriy etilgandan keyin Yevropa davlatlari korxonalarining O‘zbekistonga qiziqishi ortdi. Ikkinchidan, mahalliy korxonalarni Yevropa bozoriga eksportga yo‘naltirishga katta turtki bo‘ldi.

Bu borada raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, keyingi to‘rt yil natijasida Yevropa Ittifoqiga kiruvchi 10 dan ortiq turli standart joriy qilindi. 2019-2021 yillarda 20 dan ortiq Yevropa davlatlariga 14 ta pozitsiya bo‘yicha 157 million dollarlik eksport qilingan bo‘lsa, 2021 yildan keyin, ya’ni ushbu GSP+ tizim berilgandan keyin 2023 yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 518 million dollarga yetdi. 210 dan ortiq turdagi tovarlar uchun Yevropa bozoriga kirishga qulaylik yaratildi. Bunda biz Yevropa Ittifoqinnig barcha davlatlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldik. 

2019 yilda Yevropa Ittifoqiga eksport qiluvchi korxonalarimiz 90 ta bo‘lsa, 2023 yilda ular soni 215 taga yetdi. Bu juda katta ko‘rsatkichdir. Shuningdek, hozirgi kunda eksport mahsulotlarimiz yillik ko‘rsatkichi 250 million dollardan ziyodni tashkil etsa, 2027 yilga kelib eksportni 1 million dollardan oshirishdek katta maqsad oldimizda turibdi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/y_EoSRGAeU4?si=5OUgL7BDkTxL8Pp7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA