Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Gruziyaning mashhur “Erisioni” ansambli tomonidan “O‘zbekistonda – Gruziya madaniyat kunlari” doirasida kombinat ishchi-xodimlari uchun konsert dasturi namoyish etildi.
Xalq artistlari, davlat mukofotlari sohiblari hamda taniqli va yosh ijrochilardan tarkib topgan jamoa tomonidan mahorat bilan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, rang-barang raqslar san’atsevar muxlislar olqishlariga sazovor bo‘ldi.


“Erisioni” ansambli o‘zining bir asrdan ziyod tarixiga ega. O‘tgan davr mobaynida boy repertuari bilan chet davlatlarda shuhrat qozonib, muxlislar qalbini zabt etib kelmoqda. Betakror xalq qo‘shiqlarini to‘plash, tiklash va ommalashtirish yo‘lida erishgan yutuqlari uchun unga xalq ashula va raqs davlat akademik ansambli maqomi berilgan.


– Biz kombinatga oldin ham kelib konsert berganmiz, – deydi Aleksandr Lortkipanidze. – Muxlislarimiz ko‘p. Buni muhtasham konsert zaliga ixlosmandlarning tashrifi, olqishlari, minnatdorchiligidan ham bilsa bo‘ladi. Bu galgi tashrifimiz esa biz kutganimizdan ham ziyoda, taassurotlar va hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi. Buning uchun tashkilotchilar – NKMK ma’muriyati, Kasaba uyushmasi kengashi va “Farhod” madaniyat saroyi rahbariyatiga katta rahmat. Ular ansamblimizni yaxshi kutib olib, “Farhod” madaniyat saroyida barcha sharoitlarni yaratib berdi.


Konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashib, unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri