Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Gruziyalik san’atkorlar tuhfasi
09:47 / 2026-03-10

Gruzin raqslari o‘zining milliy va betakrorligi, shiddati, zavq va jozibaga boyligi bilan diqqatga sazovor. Bu san’at mag‘rur xalqning o‘zligi, betakror an’analari, orzu-umidlarini mujassam etgani bilan ahamiyatli. Poytaxtimizdagi "Xalqlar do‘stligi" san’at saroyida Gruziyaning “Erisioni” ansambli ishtirokida katta konsert dasturi san’at muxlislari e’tiboriga havola etildi.

O‘zbekistonda "Gruziya madaniyat kunlari" doirasida o‘tkazilgan ushbu konsert Gurjistonning nainki raqs, qo‘shiqchilik, musiqa ijrochiligi san’ati, balki go‘zal tabiati, dengizga tutash maftunkor hududlariga videolavha orqali sayohat qilish imkonini berdi.  

“Erisioni” gruzin tilidan ona tilimizga tarjimada “yuksaklik, yuksalish” ma’nosini anglatadi. Bu so‘z ko‘pincha kun botishi payti quyosh tog‘ cho‘qqilarini yoritganida qo‘llaniladi.  

“Erisioni” ansambli eng keksa ijodiy jamoalardan sanaladi. Ijodiy jamoa 1885-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yillar davomida unga Mixail, Sandro, David va Anzor Kavsadze, Grigol Kokeladze, Grigol Chxikvadze, Kiril Pachxoriya, Shalva Mshvelidze, Valeriyan Sigareishvili, Guram Bakradze, David Javrishvili, Jano Bagrationi, Buxuti Daraxvelidze, Gamlet Gonashvili, Ilya Zakaidze  kabi xoreograflar rahbarlik qilgan. Ansambl bir necha grammplastika, CD-disk va DVD-disklar chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.  

Gurjistonlik san’atkorlarning poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan raqslari o‘z jozibasi va betakrorligi bilan tomoshabinlarni maftun etdi. Jo‘shqin musiqa, sahnada go‘yo oqqushdek suzib xirom qilgan raqqosa qizlar, chapdast gurji yigitlarning epchil  harakatlarini tomoshabinlar qarsak bilan kutib oldi.  

Musiqa oqshomi do‘stlik, san’at bayrami sifatida yuqori savida bo‘lib o‘tdi.  

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri