Gruziya hukumati 2026 yildan boshlab ayrim tovar va xizmatlarni davlat xaridida mustaqil ravishda amalga oshiradigan markazlashgan xarid organini ishga tushirmoqchi. Bu haqda “Trend”axborot agentligi xabar bermoqda.
Yangi organning asosiy maqsadi — davlat mablag‘larini shaffof va natijali taqsimlash, shuningdek, xarid ehtiyojlariga o‘z vaqtida va samarali javob berishdir. Shu bilan birga, markazlashgan xarid natijasida tuzilgan shartnomalarning bajarilishi ham ushbu organ nazoratida bo‘ladi.
Markazlashgan xarid organi orqali har yilda amalga oshiriladigan xaridlarning qiymati taxminan 2 milliard gruzin larisi (745 million AQSH dollari)ni tashkil etishi kutilmoqda.
Xaridlar birlashtirilgan tenderlar orqali amalga oshiriladi va alohida xarid qiluvchi tashkilotlar talabiga ko‘ra qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishga tushiriladi.
Markazlashgan xarid organini tashkil etish Gruziyaning «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonuni bilan belgilangan va Yevropa Ittifoqi bilan tuzilgan Assotsiatsiya kelishuvi doirasidagi majburiyatlarning muhim qismi hisoblanadi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA