Bir oydan ko‘proq davom etgan bahs-munozara, ommaviy norozilikka qaramay, seshanba kuni Gruziya parlamenti “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi.
Aprel oyida parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi xorijiy agentlar to‘g‘risida qonun loyihasini parlamentga kiritgan edi. “Xorijiy ta’sirning shaffofligi” deya tuzatilgan (avvalgisi “xorijiy ta’sir agenti”) ushbu loyihaning parlamentda ko‘rib chiqilishi asnosida bir oydan buyon norozilik aksiyasi ham davom etmoqda, politsiya namoyishchilarni tarqatishga harakat qilmoqda, ayrim faollar hibsga ham olindi.
Qonun loyihasi haqida...
Mazkur qonun bilan daromadining 20 foizdan ko‘pi xorijdan olingan notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish nazarda tutilgan. Loyihaga ko‘ra, “xorijiy kuchlar manfaatini himoya qiluvchi tashkilot” vakili hisoblangan har qanday shaxs davlat reyestrida ro‘yxatga olinishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida olingan daromadni aks ettirish, shuningdek deklaratsiya to‘ldirish kerak. Bu talabni bajarishdan bosh tortish 25 ming lari (taxminan 9,5 ming dollar) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Qarshilar ushbu loyiha, garchi AQSHda ham xorijiy agentlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun ko‘p yillardan beri amal qilsa-da, Rossiya qonunchiligiga o‘xshash, demoqda.

Gruziya hukumati qonun loyihasi asosiy huquqiy tamoyilga to‘liq mos kelishi va yagona maqsadga xizmat qilishini, ya’ni nodavlat tashkilot yoki ommaviy axborot chositasi har yili moliyaviy amaliyotini oshkor qilishini nazarda tutadi. Qarshilar Rossiyada qabul qilingan “Inoagentlar to‘g‘risidagi qonun” shunchaki ko‘chirilgan, deyapti.
Qonun loyihasiga tashqi munosabatlar...
O‘z navbatida, Rossiya Gruziyada muhokama qilinayotgan mazkur masalaga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlamoqda. Masalan, Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi:
– Грузияdaги xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun mohiyati va shakli jihatidan Rossiyaga aloqador emas, Gruziya rasmiylarining o‘zlari Amerikanikiga o‘xshash qoidalarni ishlab chiqdilar. Rossiyaning bunga umuman aloqasi yo‘q, biz Gruziyaning ichki ishlariga aralashmaymiz.
Darhaqiqat, xorijiy agentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun AQSHda ham bor. Binobarin, qonun qabul qilinishiga qarshi fikr bildirayotganlar uqtirishicha, Amerika va Gruziya qonuni orasida ham tub farq mavjud. AQSHda qonundan ko‘zlangan maqsad raqiblar faoliyatini nazorat qilish, Gruziya qonuni esa mamlakatning do‘stlariga qarshi qaratilgan.
G‘arb mamlakatlari ushbu qonun qabul qilinishi Gruziyaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y harakatini yo‘qqa chiqarishidan xavotir bildirmoqda. Masalan, Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per “Agar Gruziyada inoagentlar to‘g‘risidagi qonun kuchga kirsa, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni tubdan qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi”, deya bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, Vashington Prezident Salome Zurabishvili ushbu qonunga veto quyishidan umidvor, biroq parlament vetoni yengib o‘tishga kirishadimi yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Qolaversa, avvalroq Davlat departamenti Sanksiyani muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Jim O'Brayen ham agar parlament qabul qilgan loyiha o‘zgarmasa va rahbariyat Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlarga hujum qilishda davom etsa, Vashington Gruziya hukumatiga sanksiya qo‘llashi mumkin, deya bayonot berdi. O‘z navbatida, departament matbuot kotibi o‘rinbosari Vedant Patel Tbilisi ushbu qonun doirasida tanlangan kursdan voz kechishi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, Gruziyaning hozirgi yondashuvi Qo‘shma Shtatlar qadriyatiga mos kelmaydi.
Davlat departamentining yana bir rasmiy vakili Mettyu Miller ta’kidlashicha, AQSHda qabul qilingan inoagentlar to‘g‘risidagi qonun Gruziya ko‘rib chiqayotgan me’yordan ancha farq qiladi:
– Farq ushbu hujjatlarning tabiatida. AQSH qonuniga nazar solinsa, nohukumat xossasiga ega ish qilayotgan, gumanitar missiyani bajarayotgan yoki fuqarolik jamiyati manfaati yo‘lida faoliyat olib borayotgan insonlar emas, balki faqat xorijiy hukumatga ishlayotganlar ta’qib qilinishini anglash mumkin. Bu boshqa-boshqa narsa.
Qolaversa, YeI ham Gruziya G‘arbga qarshi bildirayotgan nodo‘stona fikri va mazkur loyiha tufayli Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zolik istiqbolini xavf ostiga qo‘yganini ma’lum qilgan.
Qonunga prezident ham qarshi

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlab, qonun loyihasi qabul qilinsa, hujjatga veto qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Afsuski, rasmiyatchilik kuchigagina ega bu vetoni inobatga olmaslik uchun parlamentda ko‘p ovoz olinsa kifoya.
Zurabishvili CNN telekanali efirida chiqish qilib, inoagentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasiga veto qo‘yishini yana bir bor tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, bu hujjat Gruziyani Yevropa Ittifoqiga a’zolikdan uzoqlashtiradi. Davlat rahbari mamlakatda davom etayotgan namoyishlar tinch o‘tayotganini ham qo‘shmcha qilgan.
Qonun qabul qilindi, namoyish davom etyapti. Jarayon qanday kechadi: mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, 24 maygacha loyiha Prezidentga imzo uchun beriladi. Uning ixtiyorida 2 hafta bor. Agar shu muddat davomida asosli raddiya taqdim etilmasa, parlament spikeri imzolagan qonun matbuotda e’lon qilinadi va oradan besh kun o‘tib, kuchga kiradi. Parlament 50+1 foiz ovoz olib, Prezident vetosini aylanib o‘tishi mumkin. Hozircha loyihaga qarshi 76 ovoz bor, hukmron partiya va loyiha tarafdorlari esa 83 vakolatga ega.
Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi