Gruziya va Isroil erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolaydi
Gruziya tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mamlakat tashqi ishlar vaziri Ilya Darchiashvili hamda Isroil iqtisodiyot va sanoat vaziri Nir Barkat erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash ishlarini oxiriga yetkazish bo‘yicha deklaratsiyani imzolagan.
“Darchiashvilining Isroilga tashrifi davomida Gruziya bilan Isroil o‘rtasida erkin savdo rejimini joriy qilish bo‘yicha tadqiqot ishlarini yakunlash haqida qo‘shma deklaratsiya imzolandi”, – deyiladi xabarda.
Darchiashvili va Barkat ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy sohada hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligini, bunda ayniqsa, o‘zaro savdo, investitsiya va turizm muhim o‘rin tutishini qayd etgan.
Darchiashvili safari chog‘ida Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen va mamlakat prezidenti Isxak Gersog bilan ham uchrashish rejasi borligi aytilmoqda.