Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Gruziya madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli o‘tmoqda
09:52 / 2026-03-10

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida “Gruziya madaniyati kunlari”ning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, jumladan madaniyat va san’at yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. Gruziya O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasidagi muhim va yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik tobora kengayib borayotganini ikki davlatda tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda san’atkorlarimizning faol ishtirokida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Xususan, O‘zbekistonda o‘tkazib kelinayotgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Baxshichilik san’ati xalqaro festivali kabi yirik xalqaro madaniy tadbirlarda Gruziya san’atkorlari muntazam ishtirok etib kelmoqda.  

Shuningdek, teatrlar o‘rtasidagi hamkorlik ham rivojlanib bormoqda. Ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda 9-11-mart kunlari “Gruziya madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbir  doirasida Madaniyat vazirligida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Gruziya madaniyat vaziri Tinatin Ruhadze xonim o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida bir qator hamkorlik masalalari muhokama etildi.  

Shuningdek, poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida O‘zbekistonda “Gruziya madaniyati kunlari”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

“Gruziya madaniyati kunlari”ning rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert dasturi “Madaniyatlar muloqoti: O‘zbekiston va Gruziya - asrlar merosi va zamon nafasi” deya nomlandi.  

Konsertda O‘zbekistonning “Tumor” raqs ansambli hamda Gruziyaning “Erisioni” davlat akademik xalq ashula va raqs ansambli o‘z san’atlarini namoyish etishdi.

Shuningdek, madaniyat kunlari davomida poytaxtimizdagi Milliy kino saroyida gruzin badiiy filmlar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Namoyishda “To‘y”, “Soyabon”, “Musiqachilar”, “G‘alati odamlar” kabi turli janrdagi filmlar namoyish etiladi.

Aytish kerakki, 2024-yilning 9-12-iyul kunlari Tbilisi shahrida “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari” tadbirlari tashkil etilgan edi.  

Unda o‘zbekistonlik san’atkorlar va raqqosalar ishtirokida gala-konsert dasturi va kinofilmlar namoyishi tashkil etilgan.

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri